“Tuyabo‘g‘iz”da kichik GES qurilmoqda
02/07/2018 - 13:17 9689
O‘zbekistonda gidroenergetika salohiyatining atigi 6,5 milliard kilovatt/soati yoki 23,7 foizi o‘zlashtirilgan, xolos.
Shu bois ham yirik, o‘rta va mikro gidroelektorstansiyalarni loyihalashtirish, yangi gidroelekrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Tuyabo‘g‘iz suv ombori qoshida kichik GES, Katta Farg‘ona kanalida kichik GESlar kaskadi qurilishi, Ohangaron daryosida Qamchiq kichik GES qurilishi, To‘polang daryosida Zarchob kichik GESlar kaskadi qurish shular sirasidandir.
Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ana shunday gidroelektrstansiyalardan biri Toshkent viloyatining “Tuyabo‘g‘iz” suv ombori qoshidagi kichik GES qurish ishlari joriy yilning iyun oyida boshlangan edi. Umumiy qiymati 16,33 million dollarga teng GES loyihasini “Gidroproyekt” jamiyati ishlab chiqqan bo‘lib, “To‘polang – HPD energy systems” mas’uliyati cheklangan jamiyati barpo etilmoqda.
Ayni kunlarda “Tuyabo‘g‘iz” suv ombori qoshida qurilayotgan kichik GES katta qurilish maydoniga aylangan bo‘lib, 200 nafardan ortiq quruvchi va ishchi jadallik bilan mehnat qilmoqda. Hozirda GESda 61030,0 m3 yer ishlari, 6215,5 m3 beton ishlari, 251,1 tonna hamda 362,7 tonna metal konsruksiyalar montaj qilindi.
Manba: O‘zA