O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-iyunidagi “Aholining ijtomoiy zaif qatlami bandligini ta'minlashni rag‘batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3782-sonli qarorining qisqacha mazmuni

19/06/2018 - 16:05 20988

Ushbu qaror mamlakatimiz aholisining ijtimoiy zaif qatlami farovonligini oshirish, ularning turmush darajasini yaxshilash hamda davlat rahbarining 2017-yil 1-dekabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5270-sonli Farmoniga asosan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish maqsadida qabul qilingan.

Qarorga muvofiq, hujjatda qayd etilgan alohida toifadagi tadbirkorlik sub'yektlariga bir qator imtiyozlar va preferensiyalar berilgan.

1. Xaridor tomonidan investitsion va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan davlat mulki ob'yektlarini “nol” xarid qiymatida sotish buyicha o‘tkaziladigan tanlov savdolari natijalariga ko‘ra tanlov savdolarining boshqa ishtirokchilari bilan uning takliflari o‘rtasida teng sharoitlar yuzaga kelgan hollarda bitimni tuzish bo‘yicha ustuvorlik huquqi berilgan.

2. Davlat mulki ob'yekti uchun ijara to‘lovini ushbu ob'yektga nisbatan eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizi miqdorida belgilangan.

3. Aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun - uch oylik imtiyozli davr bilan

18 oygacha muddatga hamda asbob-uskunalar va sarflash materiallari xarid qilish uchun - olti oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga kreditlar ajratiladi. Bunda, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi ushbu kreditlar bo‘yicha foizlarni to‘lash uchun kompensatsiya hamda majburiyatlar ta'minoti yuzasidan kafillik beriladi.

4. Shtatdagi xodimlarning 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan tashkil topgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari korxonalari jami xodimlarining mehnatiga xaq to‘lash fondi uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 4,7 foiz miqdorda belgilangan.

Qarordan kelib chiqib, ilg‘or xorijiy tajriba va milliy amaliyotni chuqur o‘rganish asosida ijtimoiy tabirkorlik sub'yektlarini aniqlashning tartibi va mezonlarini, ularning huquqlari, majburiyatlari va faoliyati erkinligi kafolatlarini nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi, hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin foydalanishi uchun barcha texnik va tibbiy-ijtimoiy imkoniyatlarni inobatga olgan holda maxsus veb-portal yaratish bo‘yicha taklif Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Bundan tashqari, hujjatda respublikaning har bir hududi kesimida ishchi guruhlar tashkil etgan holda, ishchi guruhlar tomonidan jamoat birlashmalarining korxanalariga tegishli ishlab chiqarish ob'yektlari va yer uchastkalaridan samarali foydalanishni o‘rganilishini hamda ular tomonidan zaruratga ko‘ra aniqlangan muammolarni hal etish choralari ko‘rilishini ta'minlash ko‘zda tutilgan.

Axborot xizmati