Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari doimiy e'tiborda

22/09/2017 - 17:47 24658

Joriy yilning 21 senyabrida Iqtisodiyot vazirligida vazirlik va uning tarkibiy bo‘linmalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va tizimdagi tashkilotlar xodimlari ishtirok etdilar.

Seminarni vazir o‘rinbosari A.Ortiqov olib bordi. U seminar ishtirokchilarini kun mavzusidagi masalaning dolzarbligi, vazirlikning har bir xodimining murojaatlar bilan ishlash malakasini oshirish, murojaatchilar oldida ularning ulkan mas'uliyati hamda vazirlik doirasida bu borada olib borilayotgan tegishli chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish kerakligini ta'kidlab o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezident devoni, Vazirlar Mahkamasi hamda Adliya vazirligidan mutasaddi vakillar ishtirok etishdi.

Jumladan, Adliya vazirligi mutaxassisi J.Kamilov joriy yilning 11 sentyabrida yangi tahrirda qabul qilingan, 38 moddadan iborat bo‘lgan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun va mohiyatini tinglovchilarga batafsil tushuntirib berdi. 

Vazirlar Mahkamasining bo‘lim mudiri Imomnazar Mirzayev so‘zga chiqib, tinglovchilarga davlat organlari amaliyotidan kelib chiqqan holda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning zamonaviy talablari haqida nutq so‘zladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezident devonining vakili S.Xodjayev o‘z ma'ruzasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasining bir yillik faoliyati haqida so‘zlar ekan, uning natijalari hamda kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlashda davlat organlari oldida turgan vazifalar haqida tushunchalar berdi. 

Ma'ruzalar yakunida vazirlik xodimlari murojaatlar bilan ishlash davomida yuzaga keladigan holatlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarini burib, ularga to‘liq javoblarni oldilar.

Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati