O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
16/08/2017 - 13:27 11590
O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014 y., 15-son, 163-modda, 50-son, 589-modda; 2017 y., 2-son, 25-modda)
Qayd etib o‘tilsinki, so‘ngi yillarda O‘zbekiston Respublikasida ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, jahon amaliyotida umum qabul qilingan biznesni yuritish sharoitlarini baholash mezonlari tizimini joriy etish va shu asosda mamlakatimizning xalqaro reytingini yanada oshirishni ta'minlash bo‘yicha keng chora-tadbirlar kompleksi qabul qilindi.
Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kredit olish, xo‘jalik nizolarini ko‘rib chiqish, biznesni tugatish jarayonlari sezilarli darajada soddalashtirildi va arzonlashtirildi. Mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, yer uchastkalarini ajratish, qurilishga ruxsatnomalar berish, elektr tarmoqlariga ulanishda «bir darcha» tamoyillarini ommaviy joriy etish bo‘yicha ishlar jadal sur'atlarda amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitining hozirgi holati va biznesni yuritish sharoitlari hali-hamon erkin bozor iqtisodiyoti talablari va tamoyillariga, umum qabul qilingan xalqaro normalarga to‘liq hajmda javob bermayapti. Avvalgidek tadbirkorlik faoliyatini haddan ortiqcha tartibga solish holatlari mavjud, davlat organlari bilan tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning kontaktsiz shakllarini samarali joriy etish imkoniyatlari to‘liq hajmda ishlatilmayapti. Biznesni yuritish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar joylarda yetarli darajada amaliyotga joriy etilmayapti.