Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Sh.Fayzullayevning 2016-yil 26-oktabrda bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan Hay’at majlisidagi hisoboti
19/12/2016 - 12:26 19704
Assalomu alaykum hurmatli Galina Karimovna
va yig‘ilish ishtirokchilari!
Ruxsatingiz bilan Viloyatlar, shahar va tumanlar Sanoat salohiyatini oshirish Dasturini amalga oshirishda Hududlarning kompleks rivojlantirish Yig‘ma boshqarmalari va Iqtisodiyot vazirligi tarmoq bo‘limlarining roli to‘g‘risida qisqa va lo‘nda gapirmoqchiman.
Ma'lumot uchun. Bugungi kunda jami 34 ta hududlar, shahar va tumanlarni rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Shundan:
14 tasi 2017-2020-yillarga mo‘ljallangan dastur - viloyat hokimlari tomonidan tasdiqlangan;
7 tasi Surxondaryo, Namangan, Sirdaryo, Kashkadaryo, Xorazm viloyatlari hamda Bulung‘ur va Nishon tumanlari - Hukumat qarorlari bilan tasdiqlangan;
1 tasi Bog‘ot tumani - Vazirlar mahkamasining bayoni bilan tasdiqlangan;
11 tasi (Kegeyli tumani, Jizzax viloyatining 6 ta shahar tumanlari, Mirzo Ulug‘bek, Guliston, Urgut, Yangiyo‘l tumanlari) Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan;
1 tasi Qo‘shko‘pir tumani Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilmoqda.
2016-yilda sanoat yo‘nalishida umumiy qiymati 9 920,7 mlrd.so‘mlik jami 5 798 ta loyiha amalga oshirilishi va natijada 129 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Joriy yilning 9 oyida umumiy qiymati 2 880,3 mlrd.so‘mlik jami 4 326 ta loyiha amalga oshirildi va 67 ming dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lsada, joriy yilning IV choragida umumiy qiymati 7 040,4 mlrd.so‘mlik jami 1 472 ta loyiha amalga oshirilishi va 61 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi lozim. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, amalga oshiriladigan loyihalarning 25,4% va yaratiladigan ish o‘rinlarining 47,4% joriy yilning IV choragiga to‘g‘ri kelayotganligi dasturning to‘laqonli bajarilishiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Bu asosan:
Xorazm viloyatida loyihalarning 41,4% (185 ta), ish o‘rinlarining 71,2% (6 206 ta);
Toshkent viloyatida loyihalarning 41,1% (92 ta), ish o‘rinlarining 64,8% (3 076 ta);
Sirdaryo viloyatida loyihalarning 39,9% (89 ta), ish o‘rinlarining 60,7% (4 894 ta);
Namangan viloyatida loyihalarning 39,8% (115 ta), ish o‘rinlarining 71,8% (6 318 ta);
Toshkent shahrida loyihalarning 30,2% (166 ta), ish o‘rinlarining 39,6% (4 948 ta).
Shuni ham ta'kidlab o‘tish joizki, joriy yilning 9 oyida amalga oshirilgan loyihalarda tashkil etilgan har bitta ish o‘rniga o‘rtacha 42,5 mln.so‘m sarflangan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich joriy yilning IV-choragida 114,7 mln.so‘mga (yoki 2,7 barobarga ko‘p) to‘g‘ri kelmoqda.
Bundan ikki oy oldin Yig‘ma boshqarmalar tomonidan 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan dasturning sanoat yo‘nalishi vazirlikning tegishli tarmoq bo‘limlari bilan 8 ta yo‘nalishdagi tarmoq dasturlari bilan bog‘langan holda qayta ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, 2017-2021-yillarda umumiy qiymati 46 205,3 mlrd.so‘mlik jami 11 145 ta loyihalarning amalga oshirilishi natijada 276 ming dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Jumladan,
Sanoat yo‘nalishlari bo‘yicha:
Oziq-ovqat yo‘nalishida umumiy qiymati 3 990,4 mlrd.so‘mlik jami 3 305 ta loyiha va 52 663 ta ish o‘rinlari;
Yengil sanoat yo‘nalishida umumiy qiymati 6 541,1 mlrd.so‘mlik jami 2 009 ta loyiha va 102 511 ta ish o‘rinlari;
Farmatsevtika yo‘nalishida umumiy qiymati 1 606,8 mlrd.so‘mlik jami 408 ta loyiha va 11 192 ta ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Agar yillar kesimida ko‘radigan bo‘lsak:
2017-yilda umumiy qiymati 12 946,3 mlrd.so‘mlik 3 727 ta loyiha va 81 874 ta ish o‘rinlari;
2018-yilda umumiy qiymati 9 782,8 mlrd.so‘mlik 2 419 ta loyiha va 65 563 ta ish o‘rinlari;
2019-yilda umumiy qiymati 12 934,0 mlrd.so‘mlik 1 909 ta loyiha va 51 841 ta ish o‘rinlari;
2020-yilda umumiy qiymati 8 235,8 mlrd.so‘mlik 1 694 ta loyiha va 43 094 ta ish o‘rinlari;
2021-yilda umumiy qiymati 2 306,5 mlrd.so‘mlik 1 396 ta loyiha va 34 093 ta ish o‘rinlari yaratishi ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu dasturlarni o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlash maqsadida quyidagilarga alohida e'tibor berish lozim:
1. Hududlarning kompleks rivojlantirish Yig‘ma boshqarmalari va vazirlikning tarmoq bo‘limlari:
loyihalarni joylashtirishda birinchi navbatda hududning mavjud xom ashyo bazasi va infratuzilmasini hisobga olishlari lozim;
kolledj bitiruvchilarini inobatga olgan holda loyihalarni foydalanishga topshirish muddatini asosan II va III choraklarda ko‘zda tutish;
yangi tashkil etilayotgan loyihalardan samarali foydalanish maqsadida, loyihalar foydalanishga topshirilgandan so‘ng kamida 1-3 yillik postinvestitsion monitoringni yo‘lga qo‘yish lozim. Aksariyat hollarda, hududlarga chiqqanda ma'lum bo‘lyaptiki, loyihani topshirish dalolatnomasi rasmiylashtirilgandan so‘ng, hamma u loyiha haqida unutadi. Bunda, ba'zida ma'lum ishlar oxiriga yetkazilmaganligi (elektr liniyasiga ulanish, ma'lum butlovchi qismlarning olib kelinmaganligi, xom ashyo bilan muammolar va h.k.) tufayli, korxona uzoq vaqt faoliyatni boshlamasligi mumkin. Masalan Toshkent viloyatidagi Bo‘stonliq plasteks - elektr liniyasiga ulanish va tazlarni kechroq olib kelinganligi sababli korxona aktni rasmiylashtirgandan so‘ng 2-3 oy faoliyatini boshlay olmadi.
Masalan, Surxondaryo viloyatida ushbu monitoring tizimi joriy etilgandan so‘ng, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida yuqori o‘sish sur'atlari kuzatildi;
har chorak davomida foydalanishga topshiriladigan ob'yektlarga chiqish grafigini tuzib, muntazam ravishda ularga chiqib, maqsadli o‘rganishlarni tashkil etishlari zarur. Bunda, loyiha doirasida yuzaga keladigan muammolarni tezkor ravishda hudud rahbarlari, agarda respublika darajasida hal etiladigan muammolar bo‘lsa, iqtisodiyot vazirligiga kiritishlari talab etiladi.
2. Ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish va mintaqalarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi (Sulaymonqulov) tarmoq bo‘limlari va Hududlarning kompleks rivojlantirish Yig‘ma boshqarmalari bilan birgalikda:
bir oy muddatda taqdim etilgan qo‘shimcha sanoat loyihalarini ko‘rib chiqish va on-layn monitoring dasturiga joylashtirish;
Xalq iste'moli tovarlari ishlab chiqarish prognozi va tahlili bo‘limi (Rajabov) bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021-yillarda to‘qimachilik va tikuv trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasida qo‘shimcha kiritilgan 73 ta loyihalarni 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturida ko‘zda tutish;
ikki hafta muddatda har bir tarmoq bo‘yicha xom ashyo resurslariga bog‘langan holda shahar va tumanlar kesimida ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish bo‘yicha jadvalni yakuniga yetkazish. Misol uchun yengil sanoat sohasida ushbu ish amalga oshirildi va bu jadvalga qarab ertaga qaysi shahar yoki tumanlarda ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish kerak degan savolga yaqqol javob topish mumkin bo‘ladi.
3. Iqtisodiyot vazirligining tarmoq bo‘limlari loyihalarni amalga oshirishda Hududlarning kompleks rivojlantirish Yig‘ma boshqarmalari va tarmoq xo‘jalik birlashmalari o‘rtasida lokomativ rolini bajarishlari kerak va ular o‘rtasida soha faoliyati bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirishlari lozim bo‘ladi.