Press-reliz

28/10/2016 - 11:36 24583

Joriy yilning 27-oktabrida Iqtisodiyot vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Seminarda Iqtisodiyot, Adliya va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi mutaxassislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish guruhlari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta'minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaslik tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilanganligi alohida qayd etildi.

Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlash, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilash bo‘yicha islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshirishlarni yanada qisqartirish hamda ular faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish, shuningdek ruxsat beruvchi va litsenziyalash tartibotlarini yanada maqbullashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini elektron shaklda amalga oshirish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni jadallashtirish va «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning kontaktsiz shakllarini keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash, investitsion jozibadorlikni oshirish va respublikaning Jahon bankining «Biznesni yuritish» («Doing Business») reytingidagi o‘rnini yaxshilashning ustuvor yo‘nalishlari yoritib berildi.

Mazkur seminarda mutasaddi vazirlik xodimlari tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish guruhlari vakillari tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdilar.