Qurilish materiallari sanoati rivojlanishi

09/06/2016 - 10:38 33147

So‘nggi yillarda respublikamizda qurilishning yetakchi texnologiyalari talablariga va xalqaro andozalarga to‘liq javob beradigan zamonaviy qurilish hamda pardozlash materiallarining yangi turlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Masalan, turli gipsokarton plitalari, quruq aralashmalar, zamonaviy tom usti materiallari, issiqlikka chidamli polimer quvurlari, keramika plitkalari, "sendvich" panellari, bazalt tolalari va armatura, issiqlik o‘tkazmaydigan materiallar va boshqalar shular jumlasidandir.

Tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda yarim tayyor mahsulotlar va xomashyoni chuqur qayta ishlash asosida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yuqori texnologiyali hamda zamonaviy ishlab chiqarishlarni ishga tushirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatini yuritish evaziga, shu bilan birga, sohani modernizatsiyalash natijasida 2016 yil I-choragida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qurilish materiallari sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarish 10,9 foizga ortdi.

Mazkur davr mobaynida gipsokarton mahsulotlari ishlab chiqarish 19,8 foizga, sement tayyorlash - 6,8 foizga, qurilish uchun shisha buyumlari - 3,4 foizga, aktivlashtirilgan ohak - 10,2 martaga oshirildi. Shuningdek, boshqa turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarish ham ko‘paydi.

Birja savdosi orqali 1,5 mln tonnadan ziyod sement sotildi. Bu esa, qurilish majmuasi ehtiyojlarini to‘liq qondirishga imkon berdi.

Mahalliy xomashyo asosida qurilish materiallari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida 2,27 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

Shuning barobarida, 10 mln AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilindi, jumladan, qurilish materiallari va mahsulotlarining tabiiy toshdan yasalgan arxitektura buyumlari, aglomeratlardan yasalgan sun'iy plitalar, alyuminiy va PVX profillaridan yasalgan oyna va eshiklar uchun aksessuar va butlovchi qismlar, "sendvich" panellar kabi umumiy qiymati 500 ming doll.dan ziyod bo‘lgan 11 ta yangi turdagi mahsulot eksport qilindi.

Ushbularning barchasi respublika qurilish bozorining yanada kengayib, unda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati kun sayin yaxshilanib borayotganidan darak beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining Axborot xizmati