Foydali innovatsion g‘oyalar - amaliyotga
06/07/2015 - 17:18 10561
Bugun Iqtisodiyot vazirligida Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasining umumiy yakunlari, uning milliy iqtisodiyotimizni modernizatsiya qilish, respublikaning real sektorida innovatsion faoliyatni yuksaltirishdagi ahamiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ko‘pgina elektron va bosma OAV vakillari ishtirok etgan ushbu tadbirda, shuningdek, yurtimizda so‘nggi yillarda ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish borasida qilinayotgan amaliy ishlar, ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligiga alohida e'tibor qaratildi.
Sakkizinchi Respublika yarmarkasining o‘tgan yillardagidan tubdan farqi shuki, - dedi vazirlik bo‘lim boshlig‘i Aziz Dilmuradov OAV vakillariga bergan intervyusida, - bunda yoshlar tomonidan kiritilgan ishlanma va loyihalarga yanada katta o‘rin berildi va ular munosib rag‘batlantirildi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Aqlli uy” va “Aqlli quyosh panellari”, Turin politexnika instituti Toshkentdagi filialining elektromobil va robototexnika sohasidagi ishlanmalari, Qarshi muxandislik-iqtisodiyot institutining “Kartoshka ekish uchun tuproqlarni tayyorlash kombinatsiyalangan uskunasi” kabilar shular jumlasidandir.
Tadbirda shuningdek, mazkur ishlanmalarning yo‘nalishlaridan kelib chiqib, ularning iqtisodiyotimiz real sektorida innovatsion faoliyatini yuksaltirishdagi ahamiyatini ommaga keng va batafsil tushuntirishdi.
Matbuot anjumani o‘zaro savol-javoblar, qizg‘in fikr almashuvlar ruhida o‘tdi.
Vazirlik Axborot xizmati