Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish
29/09/2015 - 19:51 14098
Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish iqtisodiy o‘sish va iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan o‘zgartirishning muhim omillaridir
2015 yil 29 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida «Tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning holati va istiqbollari» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida Iqtisodiyot vazirligi mutaxassislari tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari orqali keng jamoatchilikka va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga kerakli ma'lumotlarni yetkazish maqsadida taqdimot o‘tkazildi. Taqdimotda quyidagi masalalar yoritildi:
Mahalliylashtirish dasturining maqsadi, vazifalari va ustunliklari:
Mahalliylashtirish dasturini amalga oshirishning borishi va samaradorligi;
Mahalliylashtirish dasturi ishtirokchilar uchun taqdim etiladigan ko‘mak va imtiyozlar;
mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarga o‘zlashtirish taklif etilgan mahsulot turlari;
doimiy ravishda o‘tkazilib kelayotgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi imkoniyatlari va ustunliklari va h.k.
Mahalliylashtirish dasturni amalga oshirish natijadorligi
Mahalliylashtirish dasturi O‘zbekiston Respublikasida 2000 yilda buyon ishlab chiqilib amalga oshirilib kelmoqda, shu davrda umumiy bahosi 4 mlrd. AQSH dollaridan ziyod 2500 dan ortiq loyihalar amalga oshirilgan.
Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 220 marta oshgan bo‘lib, so‘nggi 10 yil mobaynida esa sanoat ishlab chiqarish hajmidagi mahalliylashtirilgan mahsulotlarning ulushi 9,2 foizdan 20 foizga o‘sgan.
Mahalliylashtirilgan mahsulotlar narxi import qilinayotgan o‘xshash mahsulotlar narxidan sezilarli darajada arzon. Bu o‘z navbatida ichki talabni rag‘batlantirmoqda va bozorni sifatli mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirilishiga olib kelmoqda.
Yuzlab turdagi mahalliylashtirilgan mahsulotlar nafaqat ichki bozorni to‘ldirmoqda, balki tashqi bozorga ham eksport qilinmoqda. Faqatgina 2014 yilning o‘zida 1 mlrd.AQSH dollari hajmidagi 550 turdagi mahsulotlar eksport qilingan.
Mahalliy tabiiy xomashyo resurslari, import hajmi va tarkibini chuqur tahlil qilish natijasida ishlab chiqilib, keng jamoatchilik va tadbirkorlik sub'yektlariga yetkazilayotgan mahsulotlarni o‘zlashtirish takliflari, xususiy investorlarni jalb etishni va sanoatning ustuvor tarmoqlarida faoliyat olib borayotgan barcha xo‘jalik sub'yektlarining faoliyatini muvofiqlashuvini taqozo etmoqda.
Natijada, Dasturdagi korxonalar tomonidan 4 ming turdan ortiq sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan va natijada yiliga 6,2 mlrd. AQSH dollari miqdorida import o‘rnini bosishga erishilmoqda. Bu mahsulotlar sirasiga neft va gaz uskunalari, samosval va kranlar, texnologik asbob-uskunalar, oziq-ovqat sanoati uchun kichik uskunalar, zamonaviy polimer va plastmassa buyumlari, kaliy o‘g‘itlari, elektrodvigitel, yuqori texnologiyadagi kabel va sim mahsulotlari, sport anjomlari, maishiy texnikalar, energiyani tejovchi yoritish moslamalari, qurilish va pardozlash materiallari, to‘qimachilik va charm mahsulotlari, shuningdek sanoatning boshqa tarmoqlaridagi yarim tayyor mahsulotlar kiradi.
Mahalliylashtirish dasturini samarali amalga oshirishda dunyoning yetakchi xorijiy kompaniyalari va investorlarini jalb etish katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Samarqand viloyatidagi og‘ir yuk mashinalari ishlab chiqaruvchi «MAN» kompaniyasi, qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchi «CLASS» va «Lemken» kompaniyalari, maishiy texnika ishlab chiqaruvchi «Toshiba», «Candy», «LG» va «SAMSUNG» korxonalari shular jumlasidandir.
Ichki talabni rag‘batlantirish, tarmoqlararo va tarmoqlar ichida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda qo‘shimcha tender o‘tkazmasdan mahalliy mahsulotlarni sotib olish imkoniyati soha taraqqiyotiga zamin yaratmoqda.
O‘tgan yildagi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi natijasiga ko‘ra, 2015 yilda umumiy hisobda 8,6 trln.so‘mlik mahsulot yetkazib berishga shartnomalar tuzildi, bu esa undan oldingi yarmarkada tuzilgan shartnomalarga nisbatan 38 foiz o‘sganligini ko‘rsatadi.
Sanoat kooperatsiyasini taraqqiy ettirishda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbollari
Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi o‘laroq, 2015-2019 yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturining qabul qilinishi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kengaytirishga qaratilgan.
Yaqin besh yillikda 602 ta yangi loyihani amalga oshirish evaziga, 1225 ta import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan yangi turdagi raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
Xomashyo va materiallar zaxirasini kengaytirish maqsadida, iqtisodiyotning metallurgiya, kimyo, qayta ishlash, qurilish, farmatsevtika, elektrotexnika tarmoqlari salohiyatidan yanada unumliroq foydalanish ko‘zda tutilgan.
Mazkur yo‘nalishdagi 220 ta loyihaning amalga oshirilishi, mahalliy xomashyo va materiallardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaradigan kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantiradi.
Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari mahsulotlarini mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hisobiga, mahalliy savdo-sotiq ulushi oshmoqda. 2015-2019 yillarda sanoatning asosiy tarmoqlari va infratuzilmalarida mazkur tashabbusni amalga oshirish natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan savdo aylanmasi 5,7 mlrd.doll.ga ko‘payadi.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida mamlakatimizning barcha hududlarida yangi zamonaviy korxonalar va ish o‘rinlari yaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir. Shuningdek, mahalliylashtirish dasturiga kirgan korxonalar uchun, yagona soliq to‘lovi, mulk va foyda solig‘i hamda bojxona to‘lovlaridan ozod etish bo‘yicha imtiyozlar o‘rnatilgan.
Umuman olganda, tasdiqlangan Mahalliylashtirish dasturi qo‘shimcha ravishda import o‘rnini qoplash samaradorligi 3,5 mlrd.dollarga yetkazilishini hamda 13,3 mingta yuqori malakali yangi ish o‘rinlari yaratishni ta'minlashga qaratilgan.
Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yilda Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha yillik iqtisodiy samara tashqi to‘lov balansida 13 mlrd.dollarni tashkil etib, uning 10,3 mlrd. dollari import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish va 2,7 mlrd. dollari esa mahalliylashtirilgan mahsulotlar evaziga erishiladi.