Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Jahon banki O‘zbekistonda “Yashil” iqtisodiyot qurish bo‘yicha yangi tadqiqotni taqdim etdi

08/11/2022 - 11:50 3120

2022-yil 3–4-noyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan II Oʻzbekiston xalqaro iqtisodiy forumida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Jahon banki “Oʻzbekistonda “yashil” iqtisodiyot sari” nomli yangi qoʻshma hisobotning xulosalari va tavsiyalarini taqdim etdi.

Hisobotning taqdimot marosimida hukumat amaldorlari, ekspertlar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati ishtirok etdi. Unda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD), Fransiya taraqqiyot agentligi, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi, “Yuksalish” umummilliy harakati va ishbilarmon doiralar panel muhokamasi boʻlib oʻtdi.

2016-yilda Oʻzbekiston hukumati rejali iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga oʻtishni boshladi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan ishlab chiqarilgan    “2019–2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi”da qayd etilganidek, mamlakat ekologik barqarorlik ustuvorliklarini belgilashda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi.

“Yashil” iqtisodiyotga erishish bu alohida harakat emas, balki barqaror va inklyuziv bozor iqtisodiyotiga kengroq iqtisodiy oʻtishning ajralmas qismidir”, dedi Kseniya Lvovsky, Jahon banki Barqaror rivojlanish boʻlimining Yevropa va Markaziy Osiyoda Atrof-muhit, tabiiy resurslar va “moviy” iqtisod boʻyicha amaliyot rahbari. “Koʻproq mamlakatlar qat’iy iqlim siyosatini qabul qilganligi sababli, dunyo bozorlarida uglerodga muhtoj mahsulotlarga talab kamayishi mumkin. O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bilan bog‘liq potensial xarajatlarni “yashil” rivojlanish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish sohalariga doir davlat siyosatini takomillashtirish orqali iqtisodiy foydaga aylantirish imkoniyati mavjud”.

Jahon banki Oʻzbekiston hukumatini iqtisodiy oʻzgarishlarda hamda iqlim oʻzgarishiga chidamlilikni oshirish va barqarorlikni kuchaytirish strategik ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda qoʻllab-quvvatlaydi. “Yashil”, inklyuziv va barqaror oʻsish, yaqinda qabul qilingan 2022–2026-moliyaviy yillarga moʻljallangan Mamlakat bilan hamkorlik dasturi maqsadlari orasida asosiy ustun hisoblanadi.

Mamlakat bilan hamkorlik dasturi 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishga oʻz hissasini qoʻshadi, bunda boshqa ustuvor islohotlar qatorida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, atrof-muhitni muhofaza qilish, energiya va suv samaradorligini oshirish, yerlar degradatsiyasining oldini olish va boshqa islohotlardir.

“Oʻzbekistonda yerning degradatsiyasi, suv ta’minoti va havoning ifloslanishi hal qilinishi kerak boʻlgan dolzarb masalalardir. Mamlakatning yuqori energiya va uglerod zichligi uni global issiqxona gazlarining emissiyasini va asosiy savdo hamkorlari tomonidan transchegaraviy uglerod soligʻini kamaytirish boʻyicha xalqaro siyosatiga nisbatan zaif qiladi. Iqlim oʻzgarishiga moslashuv choralari koʻrilmasa, atrof-muhit muammolari va past ijtimoiy barqarorlik yanada yomonlashadi”, dedi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri birinchi oʻrinbosari Ilhom Norqulov yangi hisobot taqdimotida.

Iqtisodiy forumda taqdim etilgan hisobotda xavf va imkoniyatlarning boy tahlili hamda mamlakatning iqlim oʻzgarishiga chidamliligini oshirish, barqarorlikni yaxshilash, tabiiy va inson kapitalini shakllantirish boʻyicha keng qamrovli siyosat tavsiyalari berilgan. Tavsiya etilgan ba’zi harakatlar, masalan, energiya samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar va tabiat landshaftini tiklash dasturlari bir vaqtning oʻzida ham atrof-muhitga, ham milliy iqtisodiyotga foyda keltirishi mumkin.

Ushbu hisobotdan tashqari, Jahon banki Oʻzbekiston hukumatining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha sa’y-harakatlarini hozirda ishlab chiqilayotgan mamlakat iqlimi va rivojlanish hisoboti (CCDR) va Iqtisodiyot boʻyicha kam uglerodli rivojlanish strategiyasi orqali qoʻllab-quvvatlaydi. CCDR iqlim oʻzgarishi va global dekarbonizatsiya mamlakatning rivojlanish yoʻli va ustuvor yoʻnalishlariga qanday ta’sir qilishi hamda Oʻzbekistonning barqarorlik, moslashish va ta’sirlarni yumshatish boʻyicha harakatlari, uning rivojlanish natijalarini qanday yaxshilashi mumkinligini oʻrganadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati