O‘zbekiston Iqtisodiy forumi 2022

25/10/2022 - 11:33 1197

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmonida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini sifatli ta’minlash, xalqaro hamkorlar va jahon biznes hamjamiyatiga bugungi geosiyosiy jarayonlar, savdo-sotiqdagi murakkabliklar, ekologik inqirozlar va Covid-19 oqibatlari davom etayotgan davrda ushbu keng qamrovli islohotlarni qay tarzda davom ettirayotganimiz va kuchaytirayotganimizni ko‘rsatish maqsadida 3–4-noyabr kunlari tarixiy Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Samarqand shahrida “Inson manfaatlarini iqtisodiy islohotlarning bosh mazmuniga aylantirish” mavzusida O‘zbekiston iqtisodiy forumi 2022 tashkil etilmoqda.

Ushbu muhim xalqaro tadbir bir yil oldin O‘zbekiston butun dunyoni mamlakat tomonidan barqaror va o‘sib borayotgan iqtisodiyotni rivojlantirish, xususiy sektorning rolini kengaytirish, valyuta va savdo qoidalarini liberallashtirish hamda xalqaro hamjamiyat bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan yaqindan tanishtirish uchun Toshkent shahrida o‘tkazilgan I O‘zbekiston iqtisodiy forumining mantiqiy davomi hisoblanadi.

Tadbir Strategiyada belgilangan ulkan maqsadlarga jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab oluvchi ochiq, inklyuziv yondashuv orqali erishish uchun amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyati, yanada farovon va barqaror iqtisodiyot va jamiyat shakllantirishga qaratilgan yo‘l xaritasiga chuqur kirib borishga imkon beradi.

Ikki kunlik ochiq muhokamalar xalqaro moliya institutlari va rivojlanish tashkilotlari, shu jumladan, Jahon banki, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro Moliya korporatsiyasi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yuqori martabali rahbarlari va ekspertlari, shuningdek, nodavlat-notijorat tashkilotlari, hukumat vakillari, xususiy sektor rahbarlari va investorlar ishtirokida bo‘lib o‘tadi.

Ekspert taqdimotlari va ochiq muhokamalar mamlakat taraqqiyot strategiyasida belgilangan islohotlarni amalga oshirishga bag‘ishlanadi hamda quyidagi mavzularga qaratilgan:

  • makroiqtisodiy blokda – barqaror iqtisodiy o‘sish uchun zarur tizimli islohotlar, yashil iqtisodiyotga o‘tishning moliyaviy afzalliklari va ahamiyati, fiskal va pul-kredit siyosatining uyg‘unligini ta’minlash;
  • ijtimoiy blokda – aholini ijtimoiy himoya qilishda maqsadli va manzilli siyosat yuritish hamda kambag‘allikni qisqartirish jarayonining bardavomligini ta’minlash;
  • xususiy sektor blokida – kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirishning yangi kompleks dasturi loyihasini taqdimot qilish, davlat korxonalarini xususiylashtirish hamda bank sektorini isloh qilish;
  • davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish blokida – ustuvor loyihalarni sohalar va hududlar kesimida taqdimot qilish, amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligini oshirish;
  • bozorlarni erkinlashtirish blokida – sog‘lom raqobat muhitini yaratish, moliya bozorini rivojlantirish hamda yer munosabatlarini takomillashtirish va boshqalar.

Shu bilan birga, joriy global tendensiyalar, shu jumladan, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, yuqori inflyatsiya, ta’minot zanjiri va logistika muammolarining Markaziy Osiyo va O‘zbekistonga ta’sirini yumshatish masalalari yuzasidan fikr almashiladi. Rejalashtirilgan panel muhokamalari va davra suhbatlari quyidagilardan iborat:

  • Makroiqtisodiy barqarorlik va barqaror o‘sish: Tarkibiy o‘zgarishlarning yangi bosqichi;
  • Xususiy sektorga asoslangan iqtisodiy o‘sishni ta’minlash;
  • Moliyaviy bozorni rivojlantirish: vositalar va maqsadlar;
  • Yashil iqtisodiyotga o‘tish zarurati;
  • Demografik o‘sish va inson kapitali: xatarlardan imkoniyatlar sari;
  • Tashqi savdo, logistika va sanoat siyosati;
  • Infratuzilmani rivojlantirish orqali mamlakat salohiyatini oshirish.

Shuningdek, asosiy sessiyalar bilan parallel ravishda hamkorlar bilan bir qator maxsus tadbirlar (Partner events) o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bular:

  • BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda “Barqaror rivojlanish: O‘zbekiston Respublikasi uchun integratsiyalashgan milliy moliyalashtirish tizimi” mavzusida;
  • OTB va XMK bilan hamkorlikda “Mikromoliya xizmatlari bozorini rivojlantirish” mavzusida;
  • Gruziyaning yetakchi moliya institutlaridan biri “TBC Bank” bilan hamkorlikda “Uzbekistan Investor Day” tadbirini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bizni kuzatib boring, biz dunyodagi eng muhim iqtisodiy va moliyaviy doiralarini birlashtiramiz.