Jahon banki vakillari bilan uchrashuv
28/09/2022 - 17:55 3014
Joriy yilning 26-sentabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov Jahon banki vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda mehmonlar tomonidan Jahon bankining energetika bo‘yicha katta mutaxassislari Ferxat Esen, Maqsud Safarov, Irina Voytexovich va Kodji Nishida, energetika bo‘yicha katta iqtisodchi Rafael Ferreyra, iqlimni moliyalashtirish bo‘yicha katta mutaxassis Jeyson Smit, katta yurist maslahatchi Markus Polman hamda energetika bo‘yicha yetakchi mutaxassis Manuel Berlengiero ishtirok etdilar.

Shuningdek, uchrashuvda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish departamenti direktori O‘tkirjon Xolbadalov, Yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Quvonchbek Mustafoyev hamda Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyasi va dasturlari ijrosini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Shoxzod Islamov ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida iqtisodiy o‘sish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va yashil o‘sishni ta’minlash, energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, energetika sohasini dekarbonizatsiya qilish, shuningdek, sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
Jahon banki guruhi va Transformativ uglerod aktivlar fondi (Transformative Carbon Asset Facility – TCAF) bilan birgalikda respublikaning iqlim o‘zgarish bo‘yicha Parij bitimining 6-moddasida belgilangan harakatlar doirasida issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga ko‘maklashish bo‘yicha xalqaro hamkorlikka tayyorgarligi bo‘yicha ishlar rejalashtirilishi muhokama qilindi.

TCAF Jahon bankning trast fondi bo‘lib mamlakatning uglerod narxini bozorga chiqarish va xususiy sektorga past uglerodli texnologiyalarga sarmoya kiritishga yo‘naltirilgan sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu bilan birga, uchrashuvda tomonlar energetika bozorlari, energiya barqarorligini ta’minlash, amalga oshirilayotgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati