Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashuv
12/08/2022 - 10:51 3052
Joriy yilning 11-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Daniel Rosenblum bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri Timur Ishmetov, Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Botir Zohidov, Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov, Tashqi ishlar vazirligi Iqtisodiy diplomatiya departamenti direktori Ashraf Xodjayev hamda mehmonlar tomonidan AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi Siyosiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha mutaxassisi Daniel Hall ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosat, xususan, keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik, ijtimoiy himoya sohasini qo‘llab-quvvatlash, oziq-ovqat xavfsizligi va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, shu jumladan, ushbu sohada moliyaviy institutlar hamda dunyoning yetakchi davlatlari bilan hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda tomonlar iqtisodiy o‘sish, ushbu sohadagi hamkorlik, moliyaviy bozorlar, mustaqil obligatsiyalar, budjetga ko‘maklashish sohasidagi hamkorlik, bozorlarni erkinlashtirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati