Pokiston delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv

16/07/2022 - 11:16 2785

Joriy yilning 15-iyul sanasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Pokiston Islom Respublikasi Sanoat va ishlab chiqarish vaziri Syed Murtaza Mahmud bilan uchrashuv o‘tkazdi.

        Uchrashuvda Pokistonning O‘zbekistondagi elchisi Sayed Ali Asad Gilani hamda O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Shohrux Sharaxmetov ishtirok etdilar.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston-Pokiston iqtisodiy hamkorligi, kimyo va agrosanoat, transport-logistika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

         Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining 2021-yil iyul oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosi, shuningdek, ikki kunlik “SHHTga a’zo davlatlar sanoat vazirlari yig‘ilishi va MDHga a’zo davlatlar sanoat siyosati Kengashi VIII yig‘ilishi” (joriy yilning 14–15-iyul kunlari Toshkent shahrida) doirasida ilgari surilgan tashabbuslar batafsil ko‘rib chiqildi.

        Tomonlar qishloq xo‘jaligi texnikasi va kimyo sanoati sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan, shuningdek, O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston transport yo‘lagidan foydalanishni faollashtirish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlardan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

        Uchrashuv yakunida tomonlar ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va strategik kengaytirish hamda qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.

        

        Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

        Axborot xizmati