“Citibank” xalqaro banki vakillari bilan uchrashuv

11/06/2022 - 12:28 3125

Joriy yilning 10-iyun kuni Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning “Citibank” xalqaro bankining Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikadagi bosh direktori Devid Livingston boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov, Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev, mehmonlar tomonidan Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina bo‘yicha bosh direktor Grant Karsone, Turkiyadagi boshqaruvchi bosh direktori Emre Karter, Turkiya korporativ banki rahbari Ebru Sonmez Yamk va boshqalar ishtirok etdilar.

        Uchrashuv kun tartibiga kelgusidagi hamkorlikni kengaytirish va mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari kiritildi.

Uchrashuv avvalida tomonlar birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy ko‘rsatkichlari va ularning joriy holati yuzasidan fikr almashdilar. Shu bilan birga, O‘zbekiston tomoni mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, taraqqiyotning kelgusi ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdilar.

Xususan, davlat korxonalarini xususiylashtirish, xususiy sektor va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish sohasidagi islohotlarga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati