Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Iqtisodiy Kengashining 94-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
10/06/2022 - 21:25 3508
Joriy yilning 10-iyun kuni Nur-Sulton shahrida Bosh vazir o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi MDH Iqtisodiy Kengashining 94-yig‘ilishida ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Armaniston hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari, Turkmaniston Muxtor elchisi, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’at raisi ishtirok etdilar.

Majlis kun tartibiga MDHga a’zo davlatlarning iqtisodiy hamkorligining turli sohalarini qamrab olgan masalalar kiritildi.
Hamdo‘stlik mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari MDH mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Majlisda 2021-yilda MDHga a’zo davlatlar iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy maqsadli makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tinglandi. Qayd etilishicha, 2021-yilda MDH davlatlari asosan makroiqtisodiy barqarorlikni tavsiflovchi ko‘rsatkichlarning tavsiya etilgan qiymatlariga rioya qilishgan. MDH mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 2021-yilda dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra real hisobda 4,7 foizga o‘sdi (2020-yilda u 2,5 foizga kamaydi).

Shu bilan birga, yig‘ilish davomida MDHga a’zo davlatlarning joriy iqtisodiy ahvoli va yuzaga kelayotgan muammolarga birgalikdagi chora-tadbirlar ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Quyidagi masalalar yuzasidan ham tegishli qarorlar ko‘rib chiqilib, qabul qilindi:
- yadroviy avariya yoki radiologik favqulodda vaziyat to‘g‘risida xabardor qilish bo‘yicha amaliy choralar, hamda 2018-yil 2-noyabrdagi MDHga a’zo davlatlar oʻrtasida yadroviy avariya yoki radiatsiyaviy favqulodda vaziyatlar sodir boʻlganda tayyor boʻlish va ularning oqibatlarini bartaraf etishda oʻzaro yordam koʻrsatish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarish doirasida koʻrsatiladigan yordam hajmi va mazmuni.;
- MDHga a’zo davlatlarning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda davlatlararo innovatsion hamkorlik dasturi ishtirokchilari bo’lgan davlatlar innovatsiyalarini tijoratlashtirish markazi maqomini berish to’g’risida;
- 2021-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida arxitektura va shaharsozlik yilini o‘tkazish yakunlari va boshqa qator masalalar to‘g‘risida.

Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan tashkiliy tusdagi masalalar ham muhokama qilindi, xususan, MDH iqtisodiy Kengashining 2022-yil 23-sentabrdagi navbatdagi 95-majlisini Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar iqtisodiy hamkorlikni, jumladan, MDH Iqtisodiy kengashi doirasidagi hamkorlikni, davom ettirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati