Iqtisodiy erkinlik indeksining 2022-yilgi hisobotidagi o‘zgarishlar yuzasidan oʼquv seminar
05/05/2022 - 09:49 4210
Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining joriy yilning 14-aprel kungi bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida yuklatilgan topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida, 27-28-aprel kunlari Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda Iqtisodiy erkinlik indeksining 2022-yilgi hisobotiga ko‘ra metodologiyadagi o‘zgarish va yangilanishlar bo‘yicha o‘quv seminar o‘tkazdi.

Mazkur o‘quv seminarda O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslarga masʼul vazirlik va idoralarning 30 dan ortiq mutaxassislari ishtirok etdi.

Iqtisodiy erkinlik indeksining 2022-yilgi hisobotida keskin past natija qayd etgan hamda soni va shakllantirish manbalarida o‘zgarishlar ro‘y bergan indikatorlar kesimida Аdliya vazirligi (mulkchilik huquqi indikatori), Oliy sud (sud faoliyati samaradorligi indikatori), Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (davlat yaxlitligi indikatori), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (biznes erkinligi indikatori) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (mehnat bozori erkinligi indikatori) masʼul xodimlari tomonidan taqdimot (prezentatsiya) orqali tushuntirish berildi.

Maʼlumot uchun: Joriy yilgi hisobotga ko‘ra, subindikatorlar soni 49 tani (2021-yil hisobotda 51 ta) tashkil etgan bo‘lib, 34 tasi o‘zgarishsiz qoldirilgan, 17 tasi chiqarib tashlangan hamda 16 tasi yangi qo‘shilgan, shuningdek, 32 ta axborot manbasidan foydalanilgan (2021-yilda 30 ta) bo‘lib, bunda 6 ta axborot manbasi yangidan kiritilgan va 4 tasi butunlay chiqarib tashlangan.

Kelgusida Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirligi tomonidan 2022-yilga moʼljallangan yoʼl xaritaning ijrosini tashkil etish va uni muvofiqlashtirish, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi oʼrnini oshirishga qaratilgan islohotlar va ijobiy oʼzgarishlar yuzasidan targʼibot va tushuntirish ishlari davom ettiriladi.
O‘quv seminar taqdimotlari bilan quyidagi havolalar orqali tanishishingiz mumkin:
1. Mulk huquqi (Adliya vazirligi)
2. Sud faoliyati samaradorligi (Oliy sud)
3. Davlat yaxlitligi (Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi)
4. Biznes erkinligi (Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi)
5. Mehnat bozori erkinligi (Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi)
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati