Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari bilan uchrashuv
28/04/2022 - 14:23 4256
Joriy yilning 27-aprel sanasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov va Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Roli Astxana o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda, mehmonlar tomonidan BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori idorasi rahbari Saymon Xaker, iqtisodchi va BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Zarif Jumayev hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev, Makroiqtisodiy siyosat, tahlil va prognozlashtirish departamenti direktori Abdumalik Jalilov, Kambag‘allikni qisqartirish siyosatini yuritish departamenti direktori o‘rinbosari Sobir Xaytmuratov, Barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning monitoringi va aholi turmush darajasini tahlil qilish boshqarmasi boshlig‘i Anvarxon Umarxo‘jayev, Integratsiya va ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Miryusup Umarov ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlik doirasini kengaytirish, Milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni kuchaytirish, BMTning O‘zbekiston bilan hamkorlik doiraviy dasturining birinchi yillik natijalari va keyingi yillarga ish rejalari muhokama qildilar.
Shuningdek, mamlakatdagi o‘zgarishlar, xususan, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish orqali iqtisodiy o‘sishni barqarorlashtirish va tabiiy resurslardan unumli foydalanish yuzasidan fikr almashdilar.

Shuning bilan birga, tomonlar hamkorlik asosida tuzilgan dasturlar va loyihalarni hayotga tatbiq etish, “yashil” o‘sishni ta’minlash hamda ta’lim sifatini yanada oshirishga to‘xtalib o‘tdilar.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar yuqorida keltirilgan masalalar yuzasidan o‘zaro aloqalarni rivojlantirish hamda hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati