Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashuv

28/03/2022 - 10:37 3406

Joriy yilning 24-mart kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Prezidenti Odil Reno – Bassoo boshchiligidagi bank vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov, Moliya vaziri Timur Ishmetov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasritdinxodjayev, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov, Moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isakov, shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov ishtirok etdi.

Mehmonlar tomonidan Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktor Jujanna Xargitay, YTTBning Shveytsariya, O‘zbekiston, Turkmaniston, Serbiya, Ukraina, Lixtenshteyn va Chernogoriya bo‘yicha direktori Remigi Vinzap, Barqaror infratuzilma bo‘yicha boshqaruvchi direktori Nandita Parshad, Energetika va tabiiy resurslar departamenti direktori (Rossiya, Kavkaz va Markaziy Osiyo) Aida Sitdikova, direktor o‘rinbosari, YTTBning kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash guruhining mintaqaviy rahbari Uifel Xolger, YTTBning aloqa departamenti direktori Jonatan Charlz, YTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos va boshqalar ishtirok etdilar.

Kun tartibiga davlat korxonalari va banklarini yanada isloh qilish va xususiylashtirish, tog‘-kon sektorini isloh qilish va amalga oshirish, kichik va o‘rta biznes siyosatini qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekistonni dekarbonlashtirish, tabiiy gaz va elektr energiyasini yetkazib berish tizimini modernizatsiya qilish yuzasidan loyihalarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, logistika bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni bartaraf qilish, shuningdek, O‘zbekiston hukumatining YTTB bilan samarali hamkorlik qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida masalalar kiritildi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston tomoni barqaror ish o‘rinlari yaratish, aholi uchun xizmat ko‘rsatish sohalarini yaxshilash va mamlakatda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, shuningdek, raqamlashtirish va raqobatbardoshlikni oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish zarurligini ta’kidladi, shu bilan birga, hududlarda ayollarni ish bilan ta’minlash muhimligiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar dekarbonizatsiya strategiyasini ilgari surish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish borasida o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga kelishib oldilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati