O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha 2021-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi doirasida Iqtisodiy erkinlik indeksida erishilgan natijalar

16/03/2022 - 11:43 3766

1. Qonun ustuvorligi:

Intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnomalarni topshirish, qabul qilish, ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olish jarayonlarini avtomatlashtirish maqsadida “Sanoat mulki muhofazasi portali” (my.ima.uz) yaratildi.

2021-yilning 15-fevral – 15-mart kunlari davomida respublika miqyosida “Kontrafaktsiz oy” oyligi o‘tkazildi. Mazkur oylik davomida hududiy adliya va soliq organlari bilan hamkorlikda olib borilgan profilaktika tadbirlarida 2 000 dan ortiq kontrafakt mahsulotlar savdosi amalga oshirilayotganligi aniqlandi.

Bojxona va soliq qonunchiligiga oid 5 ta (bojxona auditini joriy etish, bojxona ekspertizasini o‘tkazish tartibini takomillashtirish, xorijiy xomashyo va materiallarni bojxonada rasmiylashtirish talablarini soddalashtirish) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqildi.

Ko‘chmas mulk obyektlarini, shu jumladan, Toshkent shahrida joylashgan ko‘chmas mulklar chegarasini onlayn ko‘rish imkoniyati (http://map.geoportal.uz/#/) yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2021-yil 17-avgustdagi O‘RQ-708-son Qonuni qabul qilindi.

Barcha darajadagi fuqarolik ishlari, jinoyat ishlari, iqtisodiy va ma’muriy sudlar tomonidan chiqarilgan sud qarorlari bilan (yopiq sud majlislarida chiqarilgan sud qarorlari bundan mustasno) Internet tarmog‘i orqali tanishishni ta’minlash maqsadida Oliy sudning rasmiy veb-sahifasida (https://public.sud.uz/#!/sign/view) ma’lumotlar doimiy ravishda joylashtirilib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmoni qabul qilindi.

 

2. Davlat aralashuvi darajasi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-dekabrdagi PQ-4938-son qaroriga asosan tajriba tariqasida sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, avtomobil yo‘llari va suv xo‘jaligi sohalariga ajratilayotgan budjet mablag‘larining maqsadli indikatorlari tasdiqlandi.

Moliya vazirligi tomonidan https://openbudget.uz/ va https://www.mf.uz/uz/ veb-saytlari orqali doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi davlat daromadlari va xarajatlari bo‘yicha ma’lumotlar joylashtirilib borilmoqda.

2021-yil uchun tasdiqlangan auksionlar grafigiga muvofiq, 64 ta auksionda 4 866,3 mlrd so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlari joylashtirildi.

 

3. Tartibga solish samaradorligi:

2021-yil boshidan Markaziy bank operatsion mexanizmni takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilib, overnayt operatsiyalarning o‘tkazilish vaqti uzaytirildi hamda overnayt depozitlar keyingi kun boshida qaytariladigan bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuqori likvidlik va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmini joriy etishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 17-martdagi PQ–5031-sonli qarori qabul qilinib, polivinilxlorid, neft, gaz kondensati, etil spirti, formalin, kumush va ekstraksiya paxta moyi birja savdolariga qo‘yiladigan yuqori likvidlik va monopol turdagi tovarlar ro‘yxatiga kiritildi.

2021-yil 1-oktabridan boshlab yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga import qilingan tabiiy gazni realizatsiya qilishda aksiz solig‘ining nol foizlik stavkasi qo‘llanilishi, qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kungacha muddatga foizlar hisoblanmagan va uning to‘lanishini ta’minlash talab etilmagan holda, kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib) to‘lash belgilandi.

 

4. Bozorlarning ochiqligi:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish tizimini joriy qilish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 23-sentabrdagi VMQ-596-son qarori qabul qilindi.

Xalqaro savdo markazining (International Trade Center) hisob-kitoblariga muvofiq, 2020-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda import bojxona bojlarining o‘rtacha tortilgan stavkasi 4,7 foizni (avvalgi hisobotda mazkur ko‘rsatkich 14,8 foizni), o‘rtacha arifmetik stavkasi 7,4 foizni tashkil etdi.

Prokuratura organlarining amaliy yordami bilan banklarning 3 578 ta kredit hujjatlari bo‘yicha 476,5 mlrd so‘mlik kredit qarzdorligi qaytarilishi ta’minlandi, shuningdek, tekshirishlarda 1,7 trln so‘mlik zararlar undirilib, 3 134 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi, qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 180 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Ma’lumot uchun:Iqtisodiy erkinlik indeksi” iqtisodiy erkinlik va turli ijobiy ijtimoiy

va iqtisodiy maqsadlar o‘rtasidagi ijobiy munosabatni tartibga soladi. Iqtisodiy erkinlik g‘oyalari sog‘lom jamiyatlar, aholi jon boshiga ko‘proq daromad, inson taraqqiyoti, demokratiya va kambag‘allikni qisqartirish bilan chambarchas bog‘liq.

“Iqtisodiy erkinlik indeksi – 2022” yillik hisobotida O‘zbekiston 117-orinni egalladi hamda indeks metodologiyasiga ko‘ra iqtisodiyoti asosan erkin bo‘lmagan davlatlar qatorida qoldi.

“Heritage” (“Meros”) jamg‘armasi tomonidan mazkur indeksdagi ornining pasayishiga COVID-19 pandemiyasining dunyo mamlakatlarining iqtisodiy sharoitlariga, jumladan, iqtisodiy erkinlik darajasiga sezilarli tebranishlarni olib kelganligi va indeks metodologiyasining o‘zgarganligi asosiy omil sifatida baholangan.

Ozbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha 2021-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi yig‘ilishining 4-sonli bayonnomasi (2021-yil 22-fevral) bilan tasdiqlangan.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati