O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha 2021-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi doirasida Inson kamoloti indeksida erishilgan natijalar
16/03/2022 - 11:41 3067
1. Kutilayotgan umr ko‘rish indeksi:
“Sog‘lom bola haftaligi” doirasida UNICEF ko‘magida ikki marotaba 6 oydan 59 oygacha bo‘lgan bolalarga vitamin A berildi;
gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha 6,2 mln nafar 2-10 yoshdagi bolalarga maxsus preparatlar hududlarga yetkazib berildi va 1-tur degelmintizatsiya tadbirlari o‘tkazildi;
bolalar orasida kamqonlik bilan kasallanishni, jismoniy o‘sish va rivojlanishdan orqada qolish holatlarini oldini olish maqsadida mikronutriyent kukunini xarid qilish bo‘yicha UNICEF bilan shartnoma tuzilib, 21,4 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi hamda 440 ming qadoq mikronutriyent kukuni hududlarga tarqatildi;
tibbiy ko‘rikdan 11,4 mln nafar 0-18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 68,5 foizi hamda 8,5 mln nafar ayollar o‘tkazildi;
40 va undan katta yoshdagi 6,8 mln nafardan ziyod aholi orasida skrining yo‘lga qo‘yildi, natijalarga ko‘ra 25,2 foiz aholida turli darajadagi yurak-qon tomir kasalliklari xavfi bor ekanligi aniqlandi;
birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablag‘lar miqdorini o‘rtacha 3 baravarga oshirish maqsadida 40,0 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi;
Andijon va Jizzax viloyatlarida istiqomat qiluvchi bolalar orasida vitamin A yetishmovchiligi aniqlanganligini hisobga olib, UNICEF ko‘magida olib berilgan 2 626 ta flakon A vitamini mazkur viloyatlarga taqdim etildi.
2. Ta‘lim indeksi:
voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha tuman (shahar) idoralararo komissiyasi qarorlari bilan 161 nafar o‘quvchi umumta’lim maktablariga jalb etildi;
ta’limga jalb etilmagan va 18 yoshdan o‘tgan fuqarolarning (13 102 ta ariza kelib tushgan) eksternat tartibida 11 450 nafari yakuniy attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi hamda ularga shahodatnomalar topshirildi;
“Uzluksiz kasbiy rivojlanish” elektron platformasi ishga tushirilib, 147 139 nafar tizim xodimlari (fan uslubchilari va maktab direktorlari, kimyo, biologiya, boshlang‘ich fan o‘qituvchi) malakasi oshirildi;
tasdiqlangan qabul parametrlariga muvofiq bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 28 foizga yetkazildi;
oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ehtiyojmand oila qizlari uchun grantlar soni 2 080 nafarni tashkil etdi.
3. Daromad indeksi:
tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish asosida aholi daromadlarini oshirish maqsadida:
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi qoshida tashkil etilgan 29 ta (reyestrda jami 459 ta) nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan 1 673 nafar va Savdo-sanoat palatasi qoshida tashkil etilgan nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan 114 339 nafar yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorlik va biznes o‘quv kurslarida (bepul) o‘qitildi;
2021-yilda 113,1 ming nafar ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar 40 ta yo‘nalishdagi kasb-hunarga hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishga jalb etildi, ulardan 82,4 ming nafari o‘qitish kurslarini yakunlab sertifikatlarga ega bo‘ldi;
biznes rejasini hayotga tatbiq etishda bankdan kredit olgan yoshlar va xotin-qizlar soni 43 514 nafarni (jami 1,1 trln so‘m ajratilgan) tashkil etdi;
“Aholi va tadbirkorlarni biznesga o‘qitish” o‘quv dasturi doirasida jami 38 ta o‘quv kurslari tashkil etilib, 910 nafar tinglovchilar (896 nafari muvaffaqiyatli yakunladi) jalb etildi;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholini qishloq xo‘jaligida ish bilan band qilish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun 604 ming gektar maydon ajratib berildi. Natijada, 2 942 ming nafar aholi mavsumiy ish bilan ta’minlandi;
2021-yilda tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan 393,8 ming nafar ishsiz, chet eldan qaytib kelgan fuqarolarni mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashishiga (2020-yilga nisbatan 108,5 % o‘sgan, 362,9 ming) ko‘maklashildi.
Ma’lumot uchun: Inson kamoloti indeksi (Human Development Index) BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan 1990-yildan beri 189 ta davlatlar iqtisodiy va siyosiy o‘sishining inson kapitalini (uzoq umr, ta’lim, farovon hayot ko‘rsatkichlari orqali) rivojlanishiga ta’sirini hamda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini tahlil qiladi.
Indeksning 2020-yilgi hisobot natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi indeksda 0,720 ko‘rsatkich bilan 106-o‘rinni (tasnif bo‘yicha inson taraqqiyoti darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiradi) egalladi.
BMT Taraqqiyot dasturining bayonotiga ko‘ra, Covid-19 pandemiyasi va iqlim o‘zgarishining insoniyat hayoti va turmush tarziga jiddiy zarar yetkazishini o‘rganish maqsadida “Inson kamoloti hisoboti – 2021–2022”ni 2022-yilning ikkinchi choragi oxirigacha e’lon qilinishi rejalashtirilganligi ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha 2021-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi yig‘ilishining 4-sonli bayonnomasi (2021-yil 22-fevral) bilan tasdiqlangan.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati