“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot

11/03/2022 - 12:10 2263

I. “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha asosiy natijalar.

Loyiha 5 ta viloyatda amalga oshirilib, 183,6 mln AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar o‘zlashtirilishi, 306 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 1,3 mln aholini qamrab olishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu hududlarda subloyihalarni tanlash jarayonida aholining bevosita ishtiroki ta’minlanadi.

Andijon viloyati Paxtaobod tumani Sohil MFYda 264 o‘rinli umumiy qiymati 10,1 mlrd so‘m va Jizzax viloyati Baxmal tumani Saroy MFYda 220 o‘rinli umumiy qiymati 5,7 mlrd so‘m bo‘lgan 2 ta zamonaviy maktab qurilishi bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, pudratchi tashkilotlar tomonidan qurilish-ta’mirlash ishlari boshlandi.

Jizzax viloyati Baxmal, Zomin, Forish va Yangiobod tumanlarida 8 ta toza ichimlik suvi, 7 ta ichki yo‘llarni joriy ta’mirlash, 1 ta ko‘prik qurilishi va 1 ta elektr ta’minot tizimini yaxshilash subloyihalari bo‘yicha pudratchi tashkilotlar o‘rtasida umumiy qiymati 54,53 mlrd so‘m bo‘lgan shartnomalar imzolandi va qurilish-ta’mirlash ishlari boshlandi.

Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari tomonidan 15 ta subloyihalar uchun loyihalashtirish tashkilotlarini aniqlash bo‘yicha tanlovlar o‘tkazildi va shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Hozirgi kunda tanlab olingan 197 ta subloyihalarning loyiha institutlari tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, davlat ekspertizasidan o‘tkazilmoqda.

II.  “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasidagi kelgusi rejalar.

  • Jahon banki vakillari bilan hamkorlikda “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi 2–fazasi asosiy maqsadlaridan biri bo‘lgan barcha qishloq joylarda qulay infratuzilma obyektlarini yaratish orqali u yerda istiqomat qilayotgan aholiga qulay turmush sharoitlarini to‘liq yaratish va ishchi o‘rinlar tashkil etish kabi dolzarb masalalar yechimi yuzasidan amaliy ishlarni jadallashtirish;
  • Loyiha jozibadorligini oshirish maqsadida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan takliflarni shakllantirish va loyiha samaradorligini oshirish.


Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati