Jahon Banki vakillari bilan uchrashuv

10/03/2022 - 16:51 2220

Joriy yilning 10-mart sanasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Adiz Boboyev Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha Ijtimoiy barqarorlik va inklyuzivlik global amaliyot boshqaruvchisi Varalakshmi Vemuru boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Jahon banki Guruhining ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha katta mutaxassisi Odri Saks, Jahon bankining ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha mutaxassislari Robert Wrobel va Gulrano Tlepova hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini shakllantirish va monitoring qilish boshqarmasi boshlig‘i – “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi direktori Zafar Urakov va boshqa mas’ullar ishtirok etdilar.

   Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonning 5 ta (Andijon, Namangan, Sirdaryo, Jizzax va Farg‘ona) viloyatida amalga oshirilayotgan “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi jozibadorligini oshirish, shuningdek, loyiha doirasida amalga oshiriladigan dolzarb subloyihalarni aholi va jamoatchilikning o‘zi tanlab olishi hamda uning amalga oshirilishini nazorat qilishi alohida ahamiyatga ega ekanligi aytib o‘tildi.

   Shuningdek, uchrashuvda delegatsiya vakillari tomonidan loyihani amalga oshirishning 2-fazasi haqida va uning dizayni to‘g‘risida fikr almashdilar. Har ikki tomon loyiha dizayni kompleks yondashuv asosida amalga oshirilishi zarur degan fikrga keldilar. Kelgusida loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar va olib boriladigan tadbirlar haqida suhbatlashdilar.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish va hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati