Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imkoniyatlar: Yoshlar va xotin-qizlar tashabbuslarini rag‘batlantirish
02/11/2021 - 11:46 2730
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabridagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4862-son qarori asosida yoshlarni va xotin-qizlarni tadbirkorlik va biznes tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorlik va biznes ko‘nikmalariga nodavlat ta’lim tashkilotlarida tahsil hamda maxsus sertifikat olishlari orqali “Mikrokreditbank” ATB va AT “Xalq banki” tomonidan 25 mln. so‘mdan 225 mln. so‘mgacha kredit olish huquqiga ega bo‘ladilar.
Ushbu qarorning tizimli ijrosini tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021-yilning 22-iyunida “Yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish dasturlarini samarali amalga oshirish hamda ularning tadbirkorlik faoliyati uchun mikrokreditlar ajratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 388-son qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududlarida faoliyat yurituvchi Nodavlat ta’lim tashkilotlari elektron reyestri shakllantirilgan holda Agentlikning rasmiy veb sayti www.uzade.uz ga joylashtirildi (havola: http://uzade.uz/uz/node/91).
Shu bilan birga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlari agentligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan ushbu nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan yoshlar va xotin-qizlarni biznes va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish bo‘yicha o‘quv yuklamasi yo‘riqnomasi hamda na’munaviy dastur ishlab chiqilgan holda Agentlik rasmiy veb-saytiga joylashtirildi (havola: http://uzade.uz/sites/default/files/yoriqnoma.pdf).
Ta’kidlash joizki, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektini ro‘yxatdan o‘tkazish tashabbusiga ega yoshlar ushbu reyestrga kiritilgan Nodavlat ta’lim tashkilotlarida nafaqat qo‘shimcha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi, balki qo‘shimcha ravishda o‘z biznes loyihalarini amalga oshirish uchun Markaziy bankning asosiy stavkasi (14%) da kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Misol tariqasida keltirish mumkinki, Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “Brotherhood” MCHJ tomonidan 30 nafardan ortiq yoshlar sartaroshlik va tadbirkorlik kurslariga muvaffaqiyatli o‘qitilib, o‘z biznes rejalari asosida kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Shu bilan birga bo‘lajak tadbirkorlarning moliyaviy tomondan yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida Agentlik huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabridagi PQ-4862-son qarori asosida ularning o‘qitishga sarflagan mablag‘larini qaytarish tizimi ishlab chiqildi va yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu tizimga ko‘ra elektron reyestrga kiritilgan Nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan o‘quvchilar o‘zining o‘qishga sarflagan mablag‘larining 70% (biroq 1 mln. so‘m oshmagan miqdorda) qaytariladi.
Bunda ushbu mablag‘lar o‘quvichga to‘g‘ridan to‘g‘ri Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan zaruriy hujjatlar taqdim etilganidan so‘ng taqdim etiladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati