Ustuvor xalqaro reyting va indekslar boʻyicha onlayn seminar
30/10/2021 - 09:51 4018
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining Xalqaro reytinglar va biznes infratuzilmasini yaxshilash boshqarmasi tomonidan 2021-yilning 28-oktyabr kuni “Ustuvor xalqaro reytinglar: metodologiya, respublikaning bugungi kundagi natijalari, oʻrni va Oʻzbekiston taraqqiyotidagi ahamiyati” mavzusida Vazirlikning hududiy bosh boshqarmalari hamda tuman va shahar boʻlimlari xodimlari uchun onlayn seminar oʻtkazildi.

Seminarda Vazirlik hududiy boʻlinmalarining ikki yuzdan ortiq xodimlari ishtirok etdi. Seminar avvalida ishtirokchilarga xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash uchun zarur shart-sharoitlar, tegishli tuzilmalarning rivojlanish tarixi va ular bilan ishlash mexanizmlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan 24 ta xalqaro reyting va indekslar boʻyicha asosiy faoliyat koʻrsatkichlariga erishishning amaldagi tizimi tushuntirildi.

Boshqarma boshligʻi oʻrinbosari A.Kalandarov tomonidan seminar qatnashchilariga “Iqtisodiy erkinlik indeksi” (Heritage Foundation) boʻyicha taqdimot oʻtkazildi.
Mazkur taqdimotda Indeksning metodologik tuzilishi, baholanish usullari, Oʻzbekiston Respublikasining MDH davlatlari orasidagi reytingi hamda hisobot natijalari va uning tahlillari aytib oʻtildi. Shuningdek, tegishli indikatorlar kesimida sud tizimi faoliyatining erkinlashishi va unga axborot tizimlarining joriy etilishi, har bir ishchi tomonidan yaratiladigan qoʻshilgan qiymat oʻsganligi, minoritar investorlarning muhim korporativ qarorlarini qabul qilishdagi huquqlarining kuchaytirilishi hamda korporativ shaffoflikni yaxshilanishi hisobiga yuqori natijalarga erishilganligi toʻgʻrisida taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, boshqarma bosh mutaxassisi J.Toxirov Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda biznes yuritish va qulay tadbirkorlik muhitini yaratish maqsadida amalga oshirilgan islohotlar hamda ularning xalqaro reyting va indekslar natijalarida aks etganligi toʻgʻrisida seminar qatnashchilariga atroflicha maʼlumot berdi.

Boshqarma bosh mutaxassisi L.Xoʻjayev tomonidan seminar qatnashchilariga “Inson kamoloti indeksi” (UNDP) boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Taqdimotchi tomonidan oxirgi besh yil ichida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida oliy taʼlimga qamrov darajasi 9 foizdan 29 foizga yetkazilganligi, oliy taʼlim muassasalari soni 2 barobarga oshirilib, 72 tadan 141 taga yetkazilganligi hamda aholi daromadlari darajasining o‘sishini ta’minlash maqsadida barqaror iqtisodiy o‘sishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Mazkur boshqarma bosh mutaxassisi J.Qoʻshmanov tomonidan “Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi” (UNIDO) va mamlakatning industrial rivojlanish darajasini tahlil qilishda mazkur indeksning ahamiyati muhim ekanligi tushuntirib o‘tildi. Shuningdek, taqdimot davomida indeksni hisoblash metodologiyasi va uning mezonlari asosida hududlarda ishlab chiqarish sanoatini toʻgʻri monitoring qilish, drayver tarmoqlar va oʻsish nuqtalarini aniqlash hamda ishlab chiqarish sanoatida vujudga keladigan CO2 gazining indeks reytingiga taʼsirini baholash yuzasidan maʼlumotlar berildi.
“Barqaror rivojlanish maqsadlari” (Bertelsmann Stiftung) mavzusida Barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning monitoringi va aholi turmush darajasini tahlil qilish boshqarmasi boshligʻi A.Umarxoʻjayev tomonidan taqdimot oʻtkazildi.

Mazkur taqdimotda Barqaror rivojlanish maqsadlarining maqsad va vazifalari hamda uning xalqaro reyting va indekslarga bogʻliqligi boʻyicha atroflicha maʼlumot berildi, shuningdek, uni hisoblashda faqatgina xalqaro taqqoslama va oʻrganishlar hamda soʻrovnomalarning natijalari inobatga olinishi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Boshqarmalar tomonidan vazirlikning hududiy boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi mavqeini oshirishga qaratilgan o‘zaro tadbirlar davom ettiriladi.
Seminar taqdimotlari bilan quyidagi havolalar orqali tanishishingiz mumkin:
5.Competitive Industrial Performance Index
6.Sustainable Development Goals
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati