Xalqaro moliya korporatsiyasi va “O‘zsanoatqurilishbank” o‘rtasida yashil iqtisodiyot, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan yangi shartnoma imzolandi
17/09/2021 - 18:02 4163
Xalqaro moliya korporatsiyasining yangi sarmoyasi O'zbekistondagi kichik biznes subyektlarining moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga, mamlakatning yashil bank xizmat ko‘rsatish salohiyatini rivojlantirishga va mamlakat bank sektorida xususiylashtirishni qo'llab-quvvatlashga yordam beradi.
XMKning “O‘zsanoatqurilishbank” ATB uchun ajratadigan 75 million dollarlik kredit mablag‘lari maqsadi atrof-muhitga zarar keltirmaydigan loyihalarni moliyalashtirish hamda O‘zbekistondagi kichik va o‘rta korxonalar uchun kredit berishni kengaytirish bo‘lganligi sababli, bu mablag‘lar bankning xususiylashtirish jarayonlari uchun amalga oshirayotgan chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbek so‘mida ifodalanadigan XMKning moliyalashtirishi, bankka COVID-19 pandemiyasi tufayli bozorda cheklangan mahalliy valyutada uzoq muddatli moliyalashtirish imkoniyatini beradi va bank aksiyalarida IFC kreditini keyingi konvertatsiya qilish imkoniyati bilan bank transformatsiyasida yordam beradi.

Loyihadan kelib tushgan mablag’lar kichik va o'rta biznes uchun kredit ajratishga yo'naltirilsa, kreditning 50 foizi iqlimni moliyalashtirishga yo'naltiriladi, bu esa bankning yashil bank dasturini kengaytirishga imkon beradi.

O‘zbekiston davlat banklaridagi o‘z ulushini investorlarga mamlakat moliyaviy sektorini transformatsiya qilish dasturi doirasida sotishni rejalashtirmoqda. Xususiylashtirish — bank sohasining faoliyati va uning mijozlariga foyda keltiradigan yangi kapital, jahon tajribasi va zamonaviy texnologiyalarni olib keladi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston bank sektorida davlat banklari ustunlik qilmoqda hamda bank aktivlarining 83 foizi davlat banklariga tegishli hisoblanadi.
“XMK O‘zbekistonning moliyaviy sektoriga xususiy investitsiyalarni jalb qilish qarorini olqishlaydi”, dedi XMK boshqaruvchi direktori Maxtar Diop. “Bizning moliyalashtirishimiz “O‘zsanoatqurilishbank” ATBni xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rishga yordam berish, kichik va o‘rta biznes uchun kredit ajratish va yashil moliyalashtirish bo‘yicha standart o‘rnatuvchiga aylantirishni maqsad qilgan. Bu tashabbus XMKning O‘zbekistonga iqlim o‘zgarishini oldini olish maqsadlariga erishish va yashil, mustahkam kelajakni qurishda yordam berish uchun investitsiyalarni jalb qilish va imkoniyatlardan foydalanib, yashil o‘sishni qo‘llab-quvvatlash strategiyasiga mos keladi”.

2019-yildan boshlab, XMK mamlakatning ikkinchi yirik banki bo‘lgan “O‘zsanoatqurilishbank” ATB bilan bankning korporativ boshqaruv amaliyotini kuchaytirish, uning faoliyatini tijoratlashtirish va qarorlar qabul qilishda davlat ishtirokini kamaytirish orqali xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish uchun hamkorlik qilib kelmoqda, shuningdek, yashil bank franshizasini shakllantirishga yordam bermoqda.
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisi Saxi Annaklichyev ta’kidlaganidek: “Bu shartnoma XMK bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-maydagi “2020-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi PF 5992-sonli Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi “O‘zsanoatqurilishbank” ATBni XMK ishtiroki bilan transformatsiya va xususiylashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 161-sonli Qaroriga muvofiq amalga oshirilgan mashaqqatli mehnatimizning natijasi bo‘ldi.
“O‘zbek so‘mida ifodalanadigan XMK mablag‘lari bankning milliy valyutadagi investitsiya loyihalarini kreditlash imkoniyatlarini kengaytiradi, uning kredit portfelini dollarsizlantirish niyatini qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, xususiylashtirishga tayyorgarlik jarayonida maqsadlarga erishishga yordam beradi. XMK mablag‘lari kichik va o‘rta biznes uchun kredit ajratishga, shuningdek, yashil loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan”,-deya qo‘shimcha qildi “O‘zsanoatqurilishbank" ATB boshqaruvi raisi Saxi Annaklichyev.
Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan O‘zbekiston misli ko‘rilmagan iqtisodiy o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. 2021-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, XMK O‘zbekistonda investitsion majburiyatlari bo‘yicha 158 mlnga ega. XMKning maslahat xizmatlari O‘zbekiston hukumatiga davlat banklarini xususiylashtirishga tayyorlash, moliya bozorini rivojlantirishda va diversifikatsiyalash, paxta sektorini o‘zgartirish, kimyo sanoatini rivojlantirish va davlat-xususiy sherikligini shakllantirish uchun tajriba o‘tkazish va sog‘liqni saqlash sohasida yordam berishga qaratilgan.
Aloqa uchun:
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati