Jahon banki vakillari bilan uchrashuv
17/08/2021 - 19:34 4226
Bosh vazir o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova boshchiligidagi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasritdinxodjayev, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov va boshqa vazirlik hamda idoralar mutaxassislari ham ishtirok etishdi.
Shuningdek, uchrashuvda Jahon banki tomonidan Toshkent shahridagi vakolatxonaning operatsiyalar bo‘yicha bosh mutaxassisi Rahimjon Asangaziyev, Markaziy Osiyodagi infratuzilma sektori rahbari Antonio Nunez va tog‘-kon sohasi bo‘yicha katta mutaxassis Xavyer Aguilar qatnashdilar.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda mis sanoatini rivojlantirishning zamonaviy darajasini tahlil qilish va baholash, shuningdek, qabul qilingan hukumat qarorlari doirasida ilg‘or xalqaro tajriba asosida amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi huzurida geologiya, tog‘-kon metallurgiya va misni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish bo‘yicha Loyiha ofisi faoliyatini muhokama qilishga alohida e‘tibor qaratildi.

O‘zbekiston tomoni mis sanoati klasterini yaratish loyihasini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda xalqaro ekspert-konsultantlar, xalqaro moliya institutlari va milliy mutaxassislarning samarali hamkorligi muhimligini ta‘kidladi.
Shuningdek, ixtisoslashgan nufuzli konsalting kompaniyalar ishtirokida tegishli konsorsium tashkil etish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikning asosiy jihatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Jahon banki ekspertlari Chili, Kanada, Finlyandiya va Avstraliyaning tog‘-kon sanoati, jumladan, mis sanoatining shakllanishi va rivojlanishi tajribalarini, shuningdek ularni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlariga qisqacha toxtalib o‘tdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash asosida mazkur sohada keyingi amaliy harakatlar bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati