Iqtisodiy o‘sishning asosi sifatida sanoatda chuqur qayta ishlashni rivojlantirishning ahamiyati

10/08/2021 - 22:37 5933

Mamlakatda sanoat tarmoqlarini tizimli ravishda modernizasiya qilinishi va ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarning joriy etilishi, xom ashyoni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish zanjirlarining tashkil etilishi iqtisodiyotning raqobatbardoshligini ta'minlaydi.

Misol uchun, o‘z vaqtida yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlarni eksport qilishga ixtisoslashuv orqali Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Tayvan, Gonkong va Xitoy kabi davlatlar “iqtisodiy mo‘jiza"ga erishgan.

Bunda chuqur qayta ishlash orqali raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmining o‘sishi mul'tiplikator vazifasini bajargan.

Sanoat sohasida mahsulotni chuqur qayta ishlashning ahamiyati quyidagilar bilan izohlanadi:

Mamlakatimizda 2019 yilda jami 331 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, qayta ishlash sanoatining ulushi 80,0 foizni (264,4 trln so‘m) tashkil qilgan.

Shundan, respublika sanoatida chuqur qayta ishlash orqali qo‘shilgan qiymat yaratish darajasi tog‘-kon va qazib olish sanoatida (69,8% yoki 30,1 trln so‘m) hamda ishlab chiqarish sanoatida (37,9% yoki 100,1 trln so‘m) yuqori bo‘lgan. 

Rasm 1. Sanoat tarmoqlarida chuqur qayta ishlash orqali yaratilgan qo‘shilgan qiymatning ulushi.

Respublika sanoat tarmoqlari orasida xom neft va tabiiy gazni qazib olish (25,7 trln so‘m, 85,5%), metallurgiya (33,2 trln so‘m, 33,1%), oziq-ovqat (10,9 trln so‘m, 10,9%), tekstil va to‘qimachilik (9,6 trln so‘m, 9,6%) hamda kimyo mahsulotlari (7,3 trln so‘m, 7,3%) ishlab chiqarish sohalarida qo‘shilgan qiymat ulushi yuqori bo‘lgan.

Sanoat tarkibida mahsulotlarni chuqur qayta ishlash orqali eksport tarkibida xom ashyo mahsulotlariga nisbatan tayyor mahsulotlar ulushini oshirish ustuvor vazifamiz sanaladi.

Bu respublikada mavjud xom ashyoni qayta ishlamasdan eksport qilish natijasida ishlab chiqarish zanjirida uzilish hosil bo‘lishi va aynan yaratilmagan tayyor mahsulotlar bo‘yicha import ko‘rsatkichlari ortib borayotganligi bilan izohlanadi.

Xususan, 2020 yilda respublika eksportining 60,5 foizini va tovarlar (xizmatlardan tashqari) eksportining 71,2 foizini xom ashyo (oltin, tabiiy gaz, rangli metallar, paxta tolasi va boshqalar) mahsulotlari tashkil etadi.

Respublikada qayta ishlash imkoniyati mavjud bo‘lgan xom ashyo mahsulotlari eksporti tarkibida paxta ip kalavasi (748,4, mln doll), mis va undan yasalgan buyumlar (570,1 mln doll), ipak va sintetik iplar (234,9 mln doll), yassi temir prokatlari (229,6 mln doll) va paxta tolasi (146,7 mln doll) kabi mahsulotlarning ulushi yuqori bo‘lmoqda.

Jahon bozorlarida koronavirus pandemiyasi davrida tog‘-kon va qazib olish sanoatida yaratilgan xom ashyo mahsulotlari narxining keskin pasayganligi mamlakatimiz sanoat tarkibida qayta ishlash sanoatining ulushini oshirishning dolzarbligini ko‘rsatmoqda.

Jahon tajribasi resurslar va xom ashyo bilan bog‘liq ishlab chiqarishga sarflanadigan mablag‘ yoki mehnatning kapital birligiga nisbatan rentabelligi vaqt o‘tishi bilan kamayib borishini ko‘rsatadi. Ya'ni, xom ashyo yetkazib berishga ixtisoslashgan mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish va ishlab chiqarish hajmini ko‘payishtirish uchun, avvalo, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga bo‘lgan xarajatlarning oshirilishi talab etiladi.

Shuningdek, xom ashyo yetkazib berishga ixtisoslashgan mamlakatlar iqtisodiyoti tashqi bozorlarga yuqori darajada bog‘liq bo‘lib, tashqi bozorlarda yuzaga kelgan aks o‘zgarishlar mamlakat iqtisodiyotini zaiflashishiga olib keladi.

Yuqoridagilarga asosan, respublikada xom ashyo mahsulotlarini chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjirini yaratish va bu mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish orqali eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushini oshirish masalasi dolzarb sanaladi.

Shuni inobatga olgan holda, so‘nggi yillarda respublikamizda yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish zanjirlarini tashkil qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Xususan, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika, kimyo, farmasevtika, rangli va noyob metallarni qayta ishlash, uglevodorod xom ashyosini hamda                      meva-sabzavotlarni qayta ishlash, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, shuningdek, to‘qimachilik, tikuvchilik va trikotaj, charm va poyabzal hamda yengil sanoatning teri va mo‘yna sanoatini rivojlantirishga qaratilgan 14 ta maxsus dastur qabul qilindi va amalga oshirilmoqda.

Respublikada amalga oshirilayotgan sanoat siyosati doirasida sanoatimizning drayver tarmoqlari bo‘lgan neft-gaz, elektr energetikasi, yengil mashinasozlik, kimyo, oziq-ovqat, elektrotexnika, qurilish materiallari sanoati, rangli metallurgiya sohalarini 2025 yilgacha rivojlantirish strategiyalari qabul qilindi. Strategiyalarda sohalarni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan bo‘lib, u bugungi kundagi mavjud muammolarni hal qilishni ta'minlaydi.

Muhtaram yurtboshimizning 2020 yil 29 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan murojaatnomasida iqtisodiy o‘sishga raqobatbardosh sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish zanjirlarini tashkil qilish orqali erishilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shundan kelib chiqib, raqobatbardosh sanoat zanjirlarini yaratishda, avvalo, sanoat drayverlari bo‘lgan tarmoqlarda tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo‘lgan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirib, ularni eksport qilish orqali yangi bozorlarga kirib borishimiz lozim.

Bunda Garvard universiteti tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalariga asosan mamlakatimizning nisbiy ustunlik va barcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan 50 dan ortiq sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni jadallashtirish talab etiladi.

 

Axborot xizmati

Iqtisodiy taraqqiyoq va kambag'allikni qisqartirish vazirligi