Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari bilan uchrashuv

06/07/2021 - 09:26 4654

Joriy yilning 5-iyul kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) va PriceWaterhouseCoopers (PWC) xalqaro konsalting kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuv onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi.  

Ma’lumot uchun: 1956-yilda tashkil etilgan XKM, rivojlanayotgan mamlakatlarda xususiy sarmoyalarning doimiy oqimini ta'minlash uchun Jahon banki guruhiga kiradi.

Uchrashuvda, shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Saidqahhor Xolxo‘jayev, moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isakov, “PricewaterhouseCoopers” kompaniyasi bosh menejeri Oybek Yo‘ldoshev, Markaziy bank, Moliya vazirligi, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi mutaxassislari ham ishtirok etishdi. XMK tomonidan konsalting dasturlari rahbarlari Ulug‘bek Tillayev va Zarina Odinaeva, investitsiyalar bo‘yicha bosh mutaxassis, loyiha menejeri Mariya Turetskaya, raqamli moliya bo‘yicha bosh ekspert Aleksey Bratanovskiy, korporatsiyaning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Zafar Xashimov va boshqalar ishtirok etishdi.

XKM xodimlari "O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlar, mikro va kichik biznes uchun moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish" loyihasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazdilar. Ular ushbu yo‘nalishga to‘sqinlik qiladigan institutsional, infratuzilma, tartibga solish va boshqa cheklovlar haqida so‘z yuritdilar.

Loyihaning asosiy maqsadi kichik va o‘rta biznes, moliyaviy xizmatlar olish segmentlari ehtiyojlarini qondiradigan keng qamrovli, barqaror va raqobatbardosh mikromoliya tizimini yaratishdir. Ushbu tizim barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlar yaratishi va raqamlashtirish orqali resurslardan qulay foydalanish imkoniyatini yaratishi kerakligi ta’kidlandi.

           Loyihaning vazifalari, yondashuvlari va kutilgan natijalari muhokama qilindi. Ta'kidlanganidek, joriy yilda korporatsiya respublikamizda tijorat mikromoliyalashtirish bozorini rivojlantirish dasturining birinchi bosqichini boshladi. XMK mutaxassislari bunday mahsulotlarga bo‘lgan va kelgusidagi talabni o‘rganib chiqdilar va ular asosida tajriba sifatida tanlanadigan moliya institutlarini tanladilar.

Korporatsiya mutaxassislari zarur ma'lumotlari bilan ta'minlandilar. Ishtirokchilar, shuningdek, loyiha doirasida XMK jamoasi bilan o‘zaro hamkorlik qilish uchun vazirlik va idoralarning vakillarini aniqladilar.

Ikkala tomon ham barcha sohalarda islohotlarni samarali amalga oshirish uchun o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklikni davom ettirishga tayyorligini bildirdilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati