Xalqaro valyuta jamg'armasi vakillari bilan O'zbekistondagi mavjud iqtisodiy vaziyat, makroiqtisodiy prognozlar va boshqa masalalar muhokama qilindi
25/08/2020 - 17:13 22590
Joriy yilning 24-avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari -Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartitish vaziri Jamshid Qo'chqorov raisligida videokonferentsiya formatida Xalqaro valyuta jamg'armasining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari - Ron Van Ruden boshchiligidagi XVJ vakillari bilan ishchi uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda, Moliya vazirligi va Markaziy bank rahbariyati, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbarlari ishtirok etdilar.
Uchrashuv boshida O'zbekistondagi joriy iqtisodiy holat, makroiqtisodiy prognozlar muhokama qilindi. Suhbat chog'ida O'zbekiston va Xalqaro valyuta jamg'armasi o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, pandemiyaning davlat byudjetiga ta'siri, koronavirus infeksiyasining tarqalishi natijasida O'zbekiston duch kelgan asosiy masalalar, shuningdek, ularni bartaraf etish bo'yicha mamlakat hukumati tomonidan ko'rilayotgan choralar muhokama qilindi.
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida real YaIM o'tgan yilning shu davriga nisbatan 0,2 foizga o'sgani, bu qishloq xo'jaligining yalpi qo'shilgan qiymatining 2,8 foizga, qurilishning 7,3 foizga o'sishi bilan bog'liq bo'lgani, sanoat va xizmatlarning umumiy hajmining esa mos ravishda 1,9 va 0,7% ga pasaygani ta`kidlab o'tildi. Shu o'rinda, 2020 yil oxiriga kelib YaIM o'sishi 1,5-2,0% darajasida bo'lishi kutilmoqda.
O‘zbekiston tomoni aholini ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Ta'kidlanganidek, hozirgi paytda tadbirkorlikni faol qo'llab-quvvatlash, qishloq xo'jaligi, soliq va bank tizimida islohotlarni amalga oshirish davom ettirilmoqda, sanoat va qurilish sohalarida ish jarayonlari tiklanib, bu esa iqtisodiyotni barqarorlashtirishning ustuvor yo'nalishi bo'lib kelmoqda.
O'z navbatida, Ron Van Ruden, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan davlat chora-tadbirlari kompleksi iqtisodiy o'sish sur'atlarini saqlashga imkon berayotganini qayd etdi. U shuningdek, O'zbekistonning davlat qarzi nisbatan past darajada saqlanayotganini ham aytib o'tdi. Xalqaro valyuta jamg'armasi missiyasining rahbari soliq-budjet siyosatining barqarorligiga erishish uchun moliyaviy konsolidatsiya muhimligini ta'kidlab va Jamg'arma maslahat va texnik yordam ko'rsatishga doimo tayyorligini bildirdi.
O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot
va kambag'allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati