“Doing Business” reytingida O‘zbekiston mavqeyini yuksaltirish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlili va 2020 yildagi rejalar
24/03/2020 - 15:53 6994
Mamlakatlardagi tadbirkorlik faoliyatini yuritishning osonligi, ular tomonidan amalga oshiriladigan tartib-taomillarning soddaligini baholaydigan Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” xalqaro reytingi boshqa reytinglardan bir qator jihatlari bilan farq qiladi. Bu reyting tadbirkorlik faoliyatini boshlang‘ich nuqtasi - uni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonidan tortib, faoliyatini tugatgunigacha bo‘lgan davriy siklni qamrab oladi.
Bu siklda biznes vakili o‘z faoliyati uchun kerakli ob'yektni quradi, kommunikatsiya tarmoqlariga ulaydi, o‘z mulkini sotishi, faoliyatini rivojlantirish uchun kredit olishi, soliq to‘laydi
va boshqa bir qancha jarayonlarga duch keladi. Shuningdek, ushbu reyting xalqaro miqyosda tuzilishini inobatga olib, uning natijalari mahalliy va xorijiy investorlar uchun mamlakatda yaratilgan biznes yuritish muhitidan xabar beradi.
“Biznes yuritish” xalqaro reytingida mamlakatlarning egallagan o‘rinlarini aniqlashda 10 ta indiktorlardagi natijalar asos qilib olinadi. Shuningdek, “Biznes yuritish-2021” yillik hisobotidan boshlab baholanadigan indikatorlar qatoriga “Davlat haridlarini amalga oshirish” indikatorining kiritilishi rejalashtirilgan.
So‘ngi yillarda O‘zbekistonda qulay biznes yuritish muhitini yaratish, mamlakatni xorijiy investorlar uchun jozibadorligini oshirish maqsadida, bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qiladigan ortiqcha to‘siqlar va tartib-taomillar bekor qilindi.
Buning natijasi o‘laroq, O‘zbekistonning “Biznes yuritish” xalqaro reytingida so‘nggi besh yilda o‘z o‘rnini 18 pog‘onaga yaxshiladi. “Biznes yuritish-2020” yillik hisoboti natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning reyting o‘rni 190 mamlakat orasida 76-o‘rindan 69-o‘ringa ko‘tarilib, 7 pog‘onaga yaxshilandi.
So‘nggi yillik hisobotdagi O‘zbekistonning reyting o‘rnini ko‘tarilishida quyidagi yo‘nalishlardagi ko‘rsatkichlarni yaxshilanishi asosiy omillar sifatida e'tirof etildi:
1. Aksiyadorlik jamiyatlarida Mustaqil kengash a'zosi va Audit qo‘mitasi bo‘lishi shartligi talabi qonunchilikda belgilab qo‘yildi natijasida, minoritar aksiyadorlarni himoyalash kuchaytirildi.
2. Shartnomalar ijrosini ta'minlashda xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladigan nizolarni hal qilishning sudgacha bo‘lgan mexanizmi Mediatsiyadan foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha mexanizm qonunchilikda beligilash yo‘li bilan mustahkamlandi.
3. Xalqaro savdo sohasini soddalashtirish yo‘nalishida Bojxona va chegara tekshiruvida xavfni boshqarish tizimi - “yashil yo‘lak”, “sariq yo‘lak”, “qizil yo‘lak” to‘liq ishga tushirildi.
Biroq erishilgan ijobiy natijaga qaramasdan ayrim indikatorlar jumladan, Qurilishga ruxsatnomalar olish, Kredit olish, Soliq to‘lash, Mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, To‘lovga layoqatsizlikni hal etishda islohotlarni izchillik bilan amaliyotga joriy etilishida kamchiliklar uchramoqda.
Shu maqsadda, boshlangan islohotlarni samaradorligini oshirish, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 noyabrdagi PQ-4525-son “Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, unda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qancha chora-tadbirlar belgilab berildi, xususan:
- mas'ul vazirlik va idoralarning markaziy apparatida sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni joylardagi ijrochilarga yetkazish bo‘yicha ishchi guruhlari tuzish;
- qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan xabarnoma yuborish tartibini bekor qilish;
- quvvati 140 kilovattgacha bo‘lgan elektr uskunalarini elektr tarmoqlariga ulash jarayonida sarflanadigan xarajatlarni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mablag‘lari hisobidan amalga oshirish;
- tadbirkorlik sub'yektlari - yuridik shaxslar o‘rtasidagi ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini taraflardan birining talabi bo‘yicha notarial tasdiqlashda kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklarni tekshirish talabini bekor qilish;
- soliq solish tizimi bo‘yicha hisobga olinadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining hisobot davri uchun hisoblab chiqarilgan soliq summasidan ortgan qismini 60 kun ichida qaytarish tizimini amaliyotga tatbiq etish;
- eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsatnoma va sertifikatlarni “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali elektron shaklda rasmiylashtirish.
Yuqorida keltirib o‘tilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishi O‘zbekistonning “Biznes yuritish - 2021” yillik hisobotidagi natijalariga ijobiy ta'sir etib, mamlakatda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilaydi hamda xalqaro maydondagi mavqeyini mustahkamlanishiga xizmat qiladi.