O‘zbekistonning “Doing Business” reytingidagi o‘rnini yaxshilashga qaratilgan amaliy tadbirlar

19/11/2019 - 10:15 5415

O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida 2019 yil 3-14 noyabr kunlari Iqtisodiyot va sanoat vazirligi mutaxassislaridan iborat delegatsiya BAA Federal raqobatbardoshlik va statistika agentligiga xizmat safari bilan tashrif buyurdi.

Xizmat safari davomida har ikkala davlatning “Doing Business” hisobotidagi natijalari tahlil qilindi va bu boradagi BAA ilg‘or tajribasi o‘rganildi. O‘zaro hamkorlikning yanada samarali bo‘lishini ta’minlash maqsadida, ko‘rsatkichlarni tahlil qilish va muammolarni o‘rganish bilan shug‘ullanadigan tashkilot va muassasalarga tashrif amalga oshirildi.

Xususan “Dubai Port” hamda “Dubai Land”da tashkil etilgan uchrashuvlar davomida tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalarning amaliy ijrosini muhokama qildilar, shuningdek ushbu tizimlarni ikki mamlakatda rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdilar.

BAA Federal raqobatbardoshlik va statistika agentligi jamoasi tomonidan “Doing Business” hisobotining har bir indikatori bo‘yicha mas’ullar bilan amaliy seminarlar va davra suhbatlari tashkil etildi.

Xizmat safari yakuni bo‘yicha “Doing Business” ko‘rsatkichlarini yaxshilashga ta’sir etadigan ilg‘or tajribani o‘rganish va uni amaliyotga tatbiq qilish yuzasidan BAA bilan hamkorlikda yo‘l xarita ishlab chiqildi, shuningdek, belgilangan vazifalarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik olib borishga kelishib olindi.

Axborot xizmati