Oʻzbekistonni iqtisodiy jihatdan rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
27/10/2018 - 10:04 8605
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutida 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish jarayonida innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish yoʻllari va mexanizmlariga bagʻishlangan Oʻzbekiston iqtisodchilarining X forumi boʻlib oʻtdi.
Forum ishida deputatlar, vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, 10 dan ortiq mamlakatlarning 200 dan ziyod olim va ekspertlari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston iqtisodiyot vaziri B.Xoʻjayev 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishning mazkur bosqichida makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishni koʻzda tutgan barqaror rivojlanishni taʼminlash hamda iqtisodiyotni liberallashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish alohida ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi. Ayniqsa, qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, tarkibiy va institutsional islohotlarni chuqurlashtirish, hududlarni kompleks rivojlantirishga eʼtibor qaratish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, ijtimoiy sohani kelgusida rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Eng avvalo, bu ijtimoiy himoyani takomillashtirish, aholining daromadi va bandligini oshirish, uning uy-joy kommunal xoʻjaligi, taʼlim va sogʻliqni saqlash xizmatlariga ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirishda oʻz aksini topadi.
Forum dasturi doirasidagi yalpi va seksiya majlislarida innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish mexanizmlari, resurs saqlovchi va innovatsion omillarni kuchaytirish asosida ilmiy-innovatsion rivojlanish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishning makroiqtisodiy jihatlari, aholining turmush darajasi va sifatini izchil oshirishning istiqbolli yoʻnalishlari kabi dolzarb mavzularga bagʻishlangan mashhur iqtisodchi olim va amaliyotchilarning taqdimot hamda maʼruzalari taqdim etildi.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, professor I.Iskandarovaning soʻzlariga koʻra, Harakatlar strategiyasini amalga oshirish boshlangan qisqa vaqt ichida mamlakatimizda valyuta bozori va tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish, mahsulot ishlab chiqarish va sotishda bozor mexanizmlarini joriy etish, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish, xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha muhim natijalarga erishildi. Iqtisodiyotni rivojlantirishning innovatsion yoʻliga oʻtishda davom etish olib borilayotgan islohotlarning natijalarini anglab yetish, iqtisodiyot va aholining xoʻjalik boshqaruvining bozor mexanizmlariga moslashish darajasini oshirishni talab etadi.
Mamlakatimizning Iqtisodiyot vazirligi hamda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan ishlab chiqilgan “Oʻzbekistonning 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi“ loyihasi ustida olib borilayotgan ishlarga doir maʼlumotlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Loyihada uzoq muddatli maqsad hamda istiqbollardan tashqari iqtisodiy oʻsishni taʼminlash omillari, manbasi va mexanizmlari aks etgan.
Oʻzbekiston iqtisodchilarining X forumi yakuniga koʻra, milliy iqtisodiyotning samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish, aholi farovonligi va makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga yoʻnaltirilgan iqtisodiy islohotlar amalga oshirilishini davom ettirish boʻyicha aniq amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Manba: OʻzA