Sog‘liqni saqlash sohasida 2017-yil davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma'lumot

01/02/2018 - 17:34 32847

Aholiga keng ko‘lamda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatilishini, uning o‘z vaqtida va yuqori sifatli bo‘lishini ta'minlash respublikada zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimini yaratishning muhim ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Ushbu maqsadlarda tashkil etilgan qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar tarmog‘i, tez yordam stansiyalari va shoshilinch tibbiy yordam muassasalari sohadagi mazkur vazifalarni ma'lum darajada hal etish imkonini berdi.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida quyidagilarga erishildi:

qishloq vrachlik punktlarining soni 2985 tadan 1612 taga qadar qisqartirildi, ular negizida 793 ta qishloq oilaviy poliklinikalari va 441 ta tez tibbiy yordam shahobchalari tashkil qilindi;

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining xizmat ko‘rsatish vaqtini soat 8:00 dan 20:00 gacha uzaytirildi, ularning qoshida tunu-kun ishlaydigan tez yordam podstansiyalari tashkil etildi;

qishloq oilaviy poliklinikalarida 5 turdagi va Toshkent shahar oilaviy poliklinikalarida 10 turdagi tor soha mutaxassislari faoliyati ta'minlandi;

poliklinikalar rahbarlari va mutaxassislarining biriktirilgan mahalla fuqarolik yig‘inlari va xalq deputatlari Kengashi majlislarida hisobot berish amaliyoti joriy qilindi;

vrach qabuliga masofadan turib yozilish imkonini beruvchi elektron  tizim bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda;

Respublika ixtisoslashtirilgan markazlari yetakchi mutaxassislarining Toshkent shahridagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda konsultatsiyalari joriy qilindi.

Hisobot davrida 1941-1945-yillar urush va mehnat fronti veteranlari, yolg‘iz keksa, pensioner va nogironlardan hamda aholining yordamga muhtoj qatlamlaridan 35 228 nafari Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirildi.

Shu bilan birga, 655 nafar yolg‘izlar “Saxovat” internat-uylarida, 7,2 ming nafar nogironlar, shu jumladan nogiron-bolalar, “Muruvvat” internat-uylarida davlat ta'minotiga olinib, ularga tibbiy-ijtimoiy va maishiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

Hisobot davrida 17036 nafar nogironlar protez-ortopediya buyumlari va texnik vositalar bilan ta'minlandilar. Shu jumladan, ularga 6452 ta nogironlik aravachasi, 1053 ta eshitish moslamasi, 2306 ta hassa va 1922 juft qo‘ltiq-tayoqlar yetkazildi.

Shuningdek, Investitsiya dastur doirasida farmatsevtika sohasida 147,55 mln. AQSH dollari miqdoridagi 71 ta loyixani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, hisobot davrida o‘zlashtirish miqdor 147,74 mln.AQSH dollarini (rejaga nisbatan 100,01%) tashkil qildi. Shundan 18,25 mln. AQSH dollari chet el investitsiyasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi PQ-2863-sonli «Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq:

aholiga pullik tibbiy xizmatlar ko‘rsatadigan (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlaridan tashqari) xususiy tibbiyot muassasalari, jumladan, xorijiy investorlar ishtirokidagi xususiy tibbiyot muassasalari tibbiy xizmatlar qismida 2022-yilning 1-yanvarigacha quyidagi to‘lovlardan ozod etilgan:

barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari va materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlari bundan mustasno);

qishloq joylarda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida yangidan tashkil etiladigan (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlari bundan mustasno) mikrofirmalar va kichik korxonalar davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga tibbiy xizmatlar qismida yagona soliq to‘lovidan ozod etilgan;

Ushbu yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida 2017-yil mobaynida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning 1291 ta murojaatlari (litsenziya berish, uzaytirish, qayta rasmiylashtirish) ko‘rib chiqildi. 2017-yil yakuni holatiga jami 4001 ta litsenziat ro‘yxatga olingan. 

Shu bilan birga, 2018-2019-yillar mobaynida jami 536 ta xususiy tibbiyot tashkilotlarini tashkil etish va faoliyatini kengaytirish rejalashtirilgan. Shundan, 2018-yilda - 296 ta (160 ta yangi, 136 ta kengaytirish); 2019-yilda - 240 ta (114 ta yangi, 126 ta kengaytirish) ni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
Sog‘liqni saqlashni rivojlantirish dasturlari va atrof muhitni himoya qilish bo‘limi