Yaponiyaning yetakchi gazetasi muxbirlari bilan uchrashuv
13/11/2017 - 14:50 8628
Bugun iqtisodiyot vazirligiga Samarqandda bo‘lib o‘tgan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" mavzusidagi xalqaro konferensiya ishini ommaviy axborot vositalari orqali xalqaro jamoatchilikka yoritish maqsadida yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Yaponiyaning "Nikkei Shimbun" nashrining muxbirlari Eidzi Furukava (Eiji Furukawa) hamda Dmitriy Banduralar tashrif buyurishdi.
Jurnalistlarni vazirning birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev qabul qildi. Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda valyutani liberallashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, xalqaro iqtisodiy hamkorlar bilan savdo-sotiq hamda ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan investitsiyalarni jalb qilish singari masalalarga alohida e'tibor qaratildi.
Ma'lumki, «Nikkei Shimbun» – «Yaponiya iqtisodiy gazetasi» kunchiqar davlatning nufuzli nashrlaridan hisoblanib, 4,7 million nusxada chop etiladi. Gazeta 1876 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Nashr Yaponiya sanoati va qishloq xo‘jaligi iqtisodiy holatini yoritib boradi, shuningdek, jahonda hamda alohida olingan davlatlarda ro‘y berayotgan iqtisodiy-moliyaviy vaziyatlarni tahlil qiladi.
Gazetaning dunyo bo‘yicha 15 milliondan ziyod o‘z o‘quvchisi bo‘lib, 54 ta yirik mintaqaviy filiallari hamda 36 ta xorijiy vakolatxonalari mavjud.
Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati