Eksportchi korxonalar uchun yangi imkoniyatlar
01/06/2017 - 10:28 8667
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 11-13-may kunlari davlat tashrifi bilan Xitoyda bo‘ldi. Ushbu tashrif davomida erishilgan natijalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Xitoyning Shandun provinsiyasi Veyxay shahri ishbilarmon doiralari delegatsiyasining 28-30 may kunlari O‘zbekistonga tashrifi ham shu maqsadga qaratildi. O‘zbekistonlik va xitoylik sheriklar muzokaralarda to‘qimachilik, ko‘nchilik, kimyo, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi xodimlari Veyxay shahri import qiluvchilar palatasi va “ShinDaDong” kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Xitoylik tadbirkorlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini Xitoyga import qilishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Muzokaralar yakuniga ko‘ra Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining Xitoyda vakolatxonasini ochish bo‘yicha bitim imzolandi.
Shuni ta’kidlash kerakki, “ShinDaDong” kompaniyasi Xitoy bozoridagi yirik import qiluvchilardan biri bo‘lib, import hajmiga ko‘ra ushbu mamlakatning eng yaxshi 50 kompaniyasi qatoriga kiradi. Xitoyning yirik savdo tarmoqlari va riteyl-kompaniyalari bilan oziq-ovqat mahsulotlari, kundalik iste’mol tovarlarini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hozirgi paytda Rossiya, Janubiy Koreya, Italiya, Bolgariya, Shveytsariya, Germaniya va Ispaniyada o‘z vakolatxonalariga ega. Mamlakatimiz kichik biznes subyektlari eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida jamg‘arma yaqin kelajakda Latviya, Singapur, Portugaliya, Chexiya, Lyuksemburg, Polsha, Buyuk Britaniya, Kuvayt va boshqa davlatlarda o‘z vakolatxonalarini ochishni rejalashtirgan.
Marketing tadqiqotlari o‘tkazish, O‘zbekiston mahsulotlarini import qiluvchilarni topish, xorijiy bozorlarda mamlakatimiz savdo belgisini ommalashtirish, tadbirkorlarimizning xalqaro ko‘rgazma, yarmarka, tender savdolari va boshqa tadbirlarda ishtirok etishiga ko‘maklashish, xorijiy import qiluvchilarning O‘zbekistonga safarini uyushtirish, xalqaro sertifikatlar, litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni olishga ko‘maklashish, mamlakatimiz sanoat korxonalari mutaxassislarining xorijiy stajirovkalarini tashkillashtirish jamg‘armaning asosiy vazifalari hisoblanadi.
Jumladan, shu yilning mart oyida jamg‘armaning Germaniyadagi vakili tashabbusi bilan Drezdenda O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Tadbirni tashkil qilishda Saksoniya Iqtisodiyot vazirligi qoshidagi Iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, Saksoniya va Tyuringiya savdo-sanoat palatalari va "Kommersbank" ham ishtirok etdi.
Tadbirda Drezden savdo-sanoat palatasi tashqi iqtisodiyot boshqarmasi rahbari Robert Boytner, "Kommersbank"ning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Bodo Tyons, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining Germaniyadagi vakili Natan Shimonov so‘zga chiqdi.
Anjumanda O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy salohiyati, biznes yuritish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jamg‘armaning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini oshirish borasidagi faoliyati, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Germaniya bozoriga yetkazib berish imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi.
Germaniya kompaniyalari jamg‘armaning biznes subyektlarni eksportdan oldin moliyalash, tadbirkorlarning xorijdagi yarmarka va ko‘rgazmalarda ishtirok etishiga ko‘maklashish, eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirish borasidagi xizmatlariga katta qiziqish bildirdi.
Jamg‘armaning Germaniyadagi vakolatxonasi va Germaniyaning “Orchidee Europe BVBA” kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistondan Germaniyaga har yili 10 million dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Jamg‘armaning xorijdagi vakolatxonalari faoliyatiga o‘tgan yili Janubiy Koreyaning yirik «Lotte Mart» riteyl-kompaniyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etilganini misol qilib keltirish mumkin.
Tashrif doirasida jamg‘arma tomonidan manfaatdor tashkilotlarda qator uchrashuvlar o‘tkazildi, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, shuningdek, vino mahsulotlari ishlab chiqarish sohasidagi kompaniyalar faoliyati bilan tanishildi.
«Lotte Mart» kompaniyasi va mamlakatimiz tadbirkorlari o‘rtasida o‘rnatilgan ishbilarmonlik aloqalari o‘z samarasini bermoqda. «Bofanda» mas’uliyati cheklangan jamiyati «Lotte Mart»ga o‘z to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, jamg‘armaning xorijdagi vakolatxonalari mamlakatimiz tadbirkorlik subyektlariga o‘z mahsulotlarini eksport qilishda har tomonlama madad bo‘lmoqda.
Manba: O‘zA