O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlariga dunyo xaridor
12/12/2016 - 11:55 9417
Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahrida “World Food Expo Korea – 2016” oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz kompaniya va korxonalari o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etdi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish borasida amalga oshirilgan ishlar samarasida mamlakatimizning eksport salohiyati yuksalib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi "Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, tadbirkorlarning erkin faoliyat ko‘rsatishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasida “Made in Uzbekistan” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlar jahon bozorida keng o‘rin egallamoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bunga muayyan hissa qo‘shmoqda. Tadbirkorlarning chet ellarda o‘tkazilayotgan yirik xalqaro yarmarkalar, biznes-forum va kooperatsion birjalarda ishtirok etishi, xaridorlar topishi va shartnomalar tuzishiga ko‘maklashmoqda.
O‘zbekiston o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq, karam va boshqa ko‘plab meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dunyodagi o‘nta yetakchi davlat qatorida turadi. Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan izchil ishlar samarasida 180 turdan ziyod meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar dunyo bozorlariga eksport qilinayotir. So‘nggi uch yilda tashqi bozorga yo‘naltirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi uch barobardan oshdi.
Ishbilarmonlarimiz turli mamlakatlarda o‘tkazilayotgan xalqaro yarmarka va ko‘rgazmalarda ishtirok etib, mahsulot va xizmatlariga yangi bozorlar topmoqda. “World Food Expo Korea – 2016” ko‘rgazmasi ham bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.
Xalqaro ko‘rgazmada dunyoning yigirmaga yaqin mamlakatidan yuzlab firma va kompaniyalar ishtirok etdi. Mazkur forumda oziq-ovqat mahsulotlari, ularni yetishtirish va qayta ishlashga oid eng so‘nggi yutuqlar namoyish etildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ma’lum qilishlaricha, mazkur xalqaro ko‘rgazmada tadbirkorlarimiz tomonidan jami ikki yuz ming dollarlikdan ziyod eksport shartnomalari imzolandi. Ko‘rgazmada O‘zbekiston kompaniyalari turli mamlakatlarning firma va kompaniyalari bilan o‘zaro aloqa o‘rnatish va hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi. Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston milliy stendida mamlakatimizning oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish borasidagi salohiyati va imkoniyatlari, sohada taklif etilayotgan xizmatlar bilan tanishdi.
– Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor, yaratilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlar faoliyatimiz rivojida muhim omil bo‘layotir, – dedi “Wheel of Progress” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abduvohid Muhamedov. – Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magida turli xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda qatnashib, mahsulotlarimizni eksport qilmoqdamiz. Xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasida quritilgan meva va sabzavot mahsulotlarimiz bilan ishtirok etdik. Mazkur ko‘rgazmada ko‘plab kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdik, qator bitimlar imzoladik.
“World Food Expo Korea – 2016” mamlakatimiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari xizmatlarini xalqaro bozorlarga taklif etish, xorijiy davlatlar ishbilarmonlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik o‘rnatish, mavjud aloqalarni yanada kengaytirish, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishish, yurtimizga investitsiyalar jalb etish, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, xalqaro bozor talablarini o‘rganish imkonini berdi. Uning doirasida imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlar eksport hajmini oshirish va jo‘g‘rofiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.
Manba: O‘zA