Kimyo sanoatida yangi g‘oyalar va texnologiyalar

11/10/2016 - 09:53 10006

Poytaxtimizda “Qizilqum fosforitlarini o‘zlashtirish va fosforli o‘g‘itlar hamda fosfor tuzlari ishlab chiqarishning resurstejamkor texnologiyalari” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

“O‘zkimyosanoat” va “Ammofos-Maksam” aksiyadorlik jamiyatlari hamkorlikda tashkil etgan konferensiya fosfor sanoati sohasida faoliyat yurituvchi olimlar, mutaxassislar va korxona vakillari uchun muloqot maydoniga aylandi.

Birinchi Prezidentimiz istiqlolning ilk yillaridan boshlab mamlakatimizda kimyo sanoatini texnik va texnologik yangilash, uni mustahkam xomashyo bazasi bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratdi. 1992-yilda fosforit xomashyosi zaxiralarini o‘zlashtirishga doir qaror hamda Jer-Sardarin konini bosqichma-bosqich foydalanishga topshirish dasturi qabul qilindi. Natijada 1998-yil may oyida yiliga 400 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan Qizilqum fosforit kompleksi ishga tushirildi.

2005-yilda uning yiliga 716 ming tonna fosforit konsentrati tayyorlovchi ikkinchi navbati foydalanishga topshirilgach, mazkur mahsulotning xorijdan sotib olinishiga butunlay chek qo‘yildi. Bu yerda pishirish pechi va fosforit xomashyosini xlordan tozalash qurilmasi bunyod etilishi nafaqat Qizilqum fosforit kompleksida, balki “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining boshqa korxonalarida ham tayyorlanadigan mineral o‘g‘itlar sifatini yanada oshirish barobarida, yangi turdagi fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish imkonini berdi. Eksport hajmi ham sezilarli darajada ortdi.

“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati raisi o‘rinbosari H.Bekbergenov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti direktori B.Zokirov va boshqalar O‘zbekiston dunyodagi azot, fosfor va kaliy ishlab chiqaruvchi davlatlar qatoriga kirishini alohida ta’kidladi. Xususan, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati azot hamda fosfor o‘g‘itlari tayyorlash bo‘yicha Markaziy Osiyoda haqli ravishda yetakchi o‘rinni egallashi bilan birga, chet mamlakatlarga ammiak, karbamid, ammiak selitrasi, sulfat ammoniy, ammofos va nitrofoska yetkazib beruvchi yirik tizim hisoblanadi. 2016-yilda jamiyat korxonalarida 2001-yildagiga nisbatan mineral o‘g‘itlar 1,9 barobar, jumladan, azotli o‘g‘itlar 1,7, fosforli o‘g‘itlar 1,3 barobar ko‘p ishlab chiqarilgani buning tasdig‘idir.

– Fosforit xomashyosini qayta ishlash va ular asosida mineral tuzlar olish bugungi kunda muhim ahamiyatga ega, – deydi Umumiy va noorganik kimyo instituti direktorining o‘rinbosari A.Reymov. – Bizda Qizilqum fosforitini qayta ishlash bo‘yicha innovatsion texnologiyalar ishlab chiqish doimiy e’tiborda. Misol uchun, fosforit xomashyosi 900 gradus haroratda kuydirilib boyitiladi. Bu jarayonning yanada iqtisodiy samarador usullari izlanib, fosforitni yuqori harorat sarflamasdan, kimyoviy usullar bilan boyitish borasida tadqiqot davom ettirilmoqda.

Konferensiya fosforitlarni qayta ishlash texnologiyalari doirasida erishilgan yutuqlar va uni rivojlantirish istiqbollarini yana bir bor dunyo hamjamiyatiga namoyish etish imkonini berdi. Unda olimlar, oliy o‘quv yurtlari vakillari hamda ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida ilmiy va ilmiy-texnik masalalar muhokama qilindi. Korxonalar va ilmiy xodimlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, dolzarb, amaliy ilmiy-texnik muammolar muhokamasida talabalar, magistrantlar va ilmiy xodimlarning ishtiroki uchun imkoniyat yaratildi.

– O‘n besh yildan buyon turli o‘g‘itlar ishlab chiqarish borasida “Ammofos-Maksam” jamiyati bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi O‘g‘itlar va insektofungitsid bo‘yicha ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i, texnika fanlari doktori Andrey Malyavin (Rossiya). – Maqsadimiz zamonaviy texnologiyalarga asoslangan, energiya tejovchi asbob-uskunalarni qo‘llagan holda sifatli, eksportbop, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan va xalqaro bozorda raqobatdosh mahsulotlar tayyorlashdir.

Konferensiya sho‘balarida Qizilqum fosforitlarini mineral kislotalar bilan boyitish texnologiyasi, mineral kislotalar bilan qayta ishlash texnologiyasi, ekstraksion fosfor kislotasi va u asosida mahsulotlarni qayta ishlash, fosfogips va uni qayta ishlash istiqbollari, fosfat xomashyosini qayta ishlash va ishlab chiqarish tarmoqlarini texnik tartibga solish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Manba: O‘zA