Namangan viloyatida 2019-yilga borib sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,1 barobar ortadi
23/09/2016 - 11:40 9611
Namangan viloyatida 2019-yilga borib sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,1 barobar ortadi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilgan izchil ishlar ichki bozorni eksportbop mahsulotlar bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Buni Namangan viloyati yengil sanoat tarmog‘ida erishilayotgan yutuqlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
– Yigirma besh yil muqaddam viloyatda tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan yagona fabrika mavjud bo‘lib, unda erkaklar ko‘ylagi tikilar, ishchilar hech bir sharoiti bo‘lmagan sexlarda ishlashga majbur edi, – deydi Namangan viloyati hokimligi hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Mamadaliyev. – 1991-yili viloyatda 14,1 million so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2015-yilda bu ko‘rsatkich 2685,2 milliard so‘mni tashkil etdi. Jumladan, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish 1991-yilga nisbatan 18 marta ko‘paydi. Bu, eng avvalo, yengil sanoat tarmog‘ida yaqqol namoyon bo‘ldi.O‘tgan yillarda yengil sanoat tarmog‘i izchil rivojlanib, 2015-yili 1038,5 milliard so‘mlik tayyor tikuv mahsulotlari ishlab chiqarildi. Joriy yilning olti oyida esa tikuvchilik mahsulotlari hajmi 2015-yilning shu davriga nisbatan 110 foizga ortdi.
Bu natijalarda kostyum ishlab chiqaruvchi korxonalarning ham alohida o‘rni bor. Viloyatda 40 ga yaqin korxonada ilg‘or texnologiyalar asosida yuqori sifatli, xushbichim, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop kostyumlar ishlab chiqarilmoqda. Mazkur korxonalarda o‘tgan yili 22,3 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlandi. Kostyum, palto, ayollar va bolalar kiyimlari va boshqa tayyor tikuvchilik mahsulotlari nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorda ham o‘z xaridoriga ega. Buni 2015-yili viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan shunday korxonalar tomonidan 1,8 milliard so‘mlik mahsulot eksport qilingani ham tasdiqlaydi.
Namangan shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Lyuks plyus servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda. Erkaklar va bolalar kostyumlari, pidjak, kurtka va palto ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonaning eksport salohiyati yildan-yilga ortmoqda. 2009-yili 42 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, 2015-yili bu ko‘rsatkich 327 ming dollarni tashkil etdi. Bunda korxonada bosqichma-bosqich amalga oshirilgan 3 milliard 200 million so‘mlik modernizatsiya ishlari muhim ahamiyat kasb etdi. Joriy yilning birinchi choragida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 1 milliard 740 ming so‘m, eksport hajmi 80 ming dollarni tashkil etdi.
– Mahsulotlarimiz bir necha xorijiy davlatga eksport qilinmoqda, – deydi “Lyuks plyus servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Tohir Jo‘rayev. – Joriy yil yakunida eksport hajmini 200 ming dollarga yetkazishni rejalashtirganmiz. Ayni paytda ishlab chiqarishni kengaytirish, mahsulot turini ko‘paytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 24-noyabrdagi “2016-2019-yillarda Namangan viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida korxonamizning o‘z mablag‘i hisobidan 1 million 384 ming dollarlik yangi loyihani amalga oshirmoqchimiz. Mazkur loyiha doirasida erkaklar ko‘ylagi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ayni paytda xorijdan qariyb 90 ming dollarlik zamonaviy tikuv dastgohlari va texnologiyalari keltirildi. Loyiha qo‘shimcha 50 yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Namangan viloyati sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturida yangi quvvatlar tashkil etish, mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash orqali zamonaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish vazifalari belgilangan. Misol uchun, dastur doirasida 2015-yili 314 loyiha amalga oshirilib, 226 milliard so‘mdan ziyod investitsiya yo‘naltirildi. Loyihalarni moliyalashtirishda ishlab chiqaruvchilar bilan birga, tijorat banklari ham faol ishtirok etdi. Ular tomonidan ajratilgan 150,3 milliard so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit yordamida joylardagi ishlamay turgan yoki past quvvatda, eskirgan texnologiyalarda mahsulot chiqarayotgan korxonalar quvvati tiklandi. Ilg‘or texnologiyalar ishlab chiqarishga joriy etildi. Dastur natijasi, tabiiyki, o‘sish sur’atida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shu jihatdan olganda, viloyatda 2015-yilda 2 trillion 685,2 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Keyingi uch yilda sanoat mahsulotlari hajmi 1,4, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 1,5 barobar oshdi. Kichik biznesning sohadagi ulushi 48,8 foizdan 56 foizga yetdi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining yuqorida zikr etilgan qarori viloyat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tardi. Unda umumiy qiymati qariyb 5 milliard dollarga teng 254 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu 15 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Sanoat sohasida 218 loyihani amalga oshirish, yuk avtomobillari uchun reduktorlar, bolalar aravachasi, quyosh panellari, sement, jinsi mato, o‘simliklarni biologik himoya qilish vositalari singari 15 turdagi mahsulot ishlab chiqarish belgilangan. Ushbu loyihalarning hayotga tatbiq etilishi natijasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2019-yilga borib hozirgiga nisbatan 2,1-martaga ortadi. Uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 18 foizga yetadi. Ishlab chiqarish hajmi va mahsulot turini kengaytirishga qaratilgan bunday yangi loyihalarni amalga oshirish viloyat sanoatini rivojlantirishda g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Manba: O‘zA