Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida energiya boshqaruvini joriy etish bo‘yicha trening samara bermoqda
20/09/2016 - 17:05 8111
20 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan milliy sanoatimizning asosiy tarmoqlarida band bo‘lgan 20 ta korxonalarning energetika mutaxassislari va injener-texnologlari uchun “Tog‘-kon va metallurgiya, neft-gaz va kimyo tarmoqlari mutaxassislarining energiya samaradorligi sohasida salohiyatini oshirish” mavzusida tashkil etilgan trening yakunlandi.
Yetti kun davomida xalqaro ekspertlar o‘z ma'ruza va amaliy mashg‘ulotlari orqali ishtirokchilarni energiya samaradorligini boshqarishdagi ilg‘or uslublar, energiyani tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ishni tashkil etish va iqtisodiy baholash tamoyillari hamda ishlab chiqarishning energiya iste'moli va tannarxini kamaytirishdagi ularning ta'siri bilan tanishtirib chiqdilar.
Trening ma'ruzalari doirasida energiyani tejash boshqaruvi haqidagi taqdimotlar namoyish etildi. Energetik tekshiruvlar, ya'ni energoaudit o‘tkazishda - energetik boshqaruv sohasida muqobil ishlanmalarni ta'minlash va qarorlar qabul qilishning asosiy zamonaviy tamoyillariga alohida urg‘u berildi.
Energiyani iste'mol qilish bo‘yicha sanoat korxonalarida energetik tekshiruvlarni tashkillashtirish, zamonaviy asbob-uskuna va dasturiy ta'minotlarni joriy etish hamda energiya boshqaruv tizimida xalqaro standartlarni tatbiq etish yuzasidan ma'lumotlarni to‘plash va monitoring qilish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, ma'ruzachilar tog‘-kon metallurgiya, neft-gaz va kimyo sanoati korxonalarida energiyani tejaydigan asbob-uskunalarni tatbiq etishdagi amaliy vaziyatlarga ham batafsil to‘xtalib o‘tishdi. Shu ma'noda har bir sanoat tarmog‘ining o‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqib, energiyani tejaydigan asbob-uskunalarni tatbiq etishdagi muhim masala va vazifalar muhokama qilindi. Mazkur mavzuning o‘ta muhimligini inobatga olib, treningga ajratilgan kunlarning biri rudani yanchish va maydalash, uni flotatsiya qilish, boyitish hamda mis ishlab chiqarish jarayonlarida energiyani tejash texnologiyalaridan foydalanish masalalariga bag‘ishlandi.
Treningda energiyani tejash texnologiyalarini joriy etishning iqtisodiy jihatlari va ushbu jarayonda moliyaviy hisob-kitob tamoyillari haqida ma'ruzalar alohida o‘rin egalladi. Xususan, ekspertlar sanoatda energiyani tejashga qaratilgan loyihalarning ahamiyati, tarmoqlarning iqtisodiy rivojlanishida ushbu loyihalarning roli hamda mahsulotning energiya iste'moli va tannarxini kamaytirishga bo‘lgan ta'siri haqida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, energiyani tejash texnologiyalarini joriy etishning o‘ziga xos xususiyatlari, ya'ni biznes-rejani ishlab chiqishdan boshlab, to uni moliyalashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishgacha, uskunalarga sarflangan mablag‘larni qoplashdan, to ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishgacha bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.
Interaktiv muloqot tarzida tashkil etilgan darslar trening ishtirokchilariga o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashish va korxonalari faoliyati haqida taqdimotlarini namoyish etish orqali yillar davomida jamlagan tajribalarini almashishga imkon berdi. Ular o‘z taqdimotlarida “2015-2019 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sig‘imini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari Dasturi” hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining Jahon banki ko‘magidagi “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” bo‘yicha loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar davomida korxonalar tomonidan orttirilgan tajribalar haqida so‘zlab berdilar.
Mazkur tadbir ishtirokchilarga energiya samaradorligi sohasida bilimlarini oshirishdan tashqari O‘zbekiston sanoat korxonalarida energiyani boshqarish, energiya iste'moli va mahsulot tannarxini kamaytirish kabi istiqbolli yo‘nalishlarda tajriba va fikr almashish imkonini ham berdi.
Trening faol ishtirokchisi, “Farg‘onaazot” Aksiyadorlik jamiyatining elektrta'minot sexi rahbarining o‘rinbosari Abdullatif Ibroximov quyidagilarni ta'kidlab o‘tdi: “Mazkur sohada ilg‘or xalqaro amaliyotni ko‘rib chiqar ekanmiz, bizning jamoamizda ham ushbu yo‘nalishda bir nechta foydali fikr-g‘oyalar tug‘ildi. Ularni tadbirdan qaytgach, rahbariyatimiz bilan maslahatlashgan holda, albatta hayotga tatbiq etishga harakat qilamiz”.
Treningda taqdim etilgan ma'lumotlarni batafsil o‘rganish uchun ishtirokchilarga qilingan ma'ruzalar, taqdimotlar hamda muhokama qilingan savollarga javoblar bir elektron to‘plam shaklida tarqatildi. Tadbir yakunida uning ishtirokchilariga sertifikatlar berilishi ko‘zda tutilgan.
“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish”
loyihasini muvofiqlashtirish guruhi