Sug‘urtada yangi modul ishga tushirildi

30/08/2016 - 16:35 8364

«O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasida internet foydalanuvchilari uchun onlayn tartibida savollarga javob berish yo‘li orqali sug‘urta asoslarini o‘rganish va ularning sohaga oid bilimini tekshirib ko‘rish imkonini beruvchi modul ishga tushirildi.

www.uzbekinvest.uz veb-saytida joylashtirilgan ushbu yangi moduldan sug‘urta masalalari, xususan, sug‘urtaning majburiy va ixtiyoriy turlari, sug‘urta da’volarini ko‘rib chiqish tartibi, shuningdek, kompaniyaning faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlarga ega bo‘lishni istaganlar foydalanishi mumkin. Onlayn tartibda ishlayotgan mazkur ishlanmadan foydalanayotganlar soni kun sayin ortmoqda.

– Sug‘urta sohasini mustaqil o‘rganish hamda egallangan bilimlarni test topshirish orqali tekshirib ko‘rish imkonini beruvchi yangi modul aholining sug‘urta madaniyatini oshirishga xizmat qiladi, – deydi kompaniya departamenti menejeri Mukarram Aliboyeva. – Yangi ishlanma har bir mutaxassis uchun bilimlar manbai bo‘lib, xodimlarimiz va agentlarimizning ham malakasi onlayn rejimda oshirilmoqda. Bu esa vaqtni va mablag‘ni tejash imkonini beradi.

Ta’kidlash joizki, aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida kompaniyada bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, sug‘urta shartnomalarini tuzishda va sug‘urta hodisalari yuz berganda mijozlarga amaliy ko‘mak beruvchi axborot-maslahat guruhlari tashkil etildi. Hozir mazkur guruhlar sug‘urta sohasiga oid qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va ularga kiritilayotgan o‘zgartishlar, mavjud sug‘urta turlari, sug‘urta shartnomasi shartlari, sug‘urta da’volarini ko‘rib chiqish qoidalari va boshqa masalalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mijozlarga yetkazmoqda.

O‘zA