Investitsiya samarasi
05/08/2016 - 16:33 7596
“Jizzax plastmassa” aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilgan loyihalar tufayli ikki turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 37 yangi ish o‘rni yaratildi.
Korxonada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun davlat dasturiga muvofiq 3 milliard 666 million so‘mlik investitsiya o‘zlashtirildi. Bu jarayonda yangi texnologiyalar o‘rnatilishi hisobidan ishlab chiqarish quvvati qariyb ikki barobar oshirildi. Endi korxona yiliga 800 tonna polietilen plyonka va 7 ming 900 tonna polietilen quvur ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Mazkur loyihalar samarasida polietilen plyonka va tashqi o‘lchami 50-250 va 710-1200 millimetr bo‘lgan polietilen quvurlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Polietilen mahsulotlarga xalq xo‘jaligining turli sohalarida, ayniqsa, suv xo‘jaligi, maishiy xizmat, kommunal qurilish tarmoqlarida talab katta. Xomashyo to‘liq “Sho‘rtangazkimyo” majmuasidan olinayotgani bois mahsulot tannarxi past bo‘lishiga erishilmoqda.
Iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalar uchun investitsiyalar jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar bermoqda. Chunonchi, to‘rt-besh yil avval ushbu aksiyadorlik jamiyatining iqtisodiy ahvoli ancha nachor edi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq korxonada amalga oshirilgan sog‘lomlashtirish tadbirlari tufayli ishlab chiqarish tubdan qayta tiklandi.
– Kiritilgan investitsiya hisobiga yangi loyihalar amalga oshirildi. Natijada mahsulot ishlab chiqarish hajmi va turi ko‘paydi, sifati keskin yaxshilandi, – deydi korxona rahbari Elyor To‘raqulov. – O‘tgan yili korxonaning rentabellik darajasi 2,9 foizni tashkil etdi. Joriy yilda bu ko‘rsatkich yanada yaxshilanadi.
Ayni paytda bu yerda xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish hajmi ham ortib borayotir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 15-dekabrdagi “2011-2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “Jizzax plastmassa” aksiyadorlik jamiyatida “Xalq iste’moli mollari, galantereya, bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish” loyihasi amalga oshirilishi tufayli korxonada 20 dan ortiq turdagi uy-ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.