Toshkent - I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasining mezboni

12/07/2016 - 17:48 9837

Bugun mamlakatimiz poytaxtida joylashgan «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazmalar zalida  I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi ish boshladi.

Ushbu yarmarka joriy yilning 16-iyul kuniga qadar davom etadi.

Mazkur yarmarkada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan barcha meva-sabzavot va poliz mahsulotlarining turlari namoyish etiladi.

Yarmarka ishida ko‘plab mahalliy hamda xorijiy qayta ishlash korxonalari va savdo kompaniyalari,  40 dan ortiq davlatdan xalqaro savdo tashkilotlari, savdo-sanoat palatalari, qishloq xo‘jalik sohasiga aloqador vazirlik va idoralar hamda logistika kompaniyalari vakillari ishtirok etishmoqda. Shuningdek, yarmarkaga jami 300 dan ortiq xorijiy mehmonlar tashrif buyurishi kutilmoqda.

Yarmarka doirasida meva-sabzavot mahsulotlari iste'molchilari va eksporterlar o‘rtasida davra suhbatlari, ikki tomonlama kelishuvlar tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, yarmarka tashkilotchilari tomonidan mehmonlarni yurtimizning turli hududlarida samarali faoliyat yuritayotgan intensiv bog‘lar, meva-sabzavotni qayta ishlash korxonalari, sovutgich komplekslari kabi inshootlar bilan tanishtirish ham rejalashtirilgan.

Vazirlik Axborot xizmati