Zamonaviy texnologiyalar, foydali kelishuvlar
01/06/2016 - 09:29 8999
“O‘zekspomarkaz”da agrosanoat kompleksi uchun zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarning “Uzbekistan Agrotech Expo – 2016” XI xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosi hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi va mashinalarining “Uzbekistan Agromash Expo – 2016” V xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi boshlandi.
O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Fermerlar kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirlarning ochilishida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, xususan, qishloq xo‘jaligi izchil rivojlanayotgani ta’kidlandi.
“Uzbekistan Agrotech Expo – 2016” va “Uzbekistan Agromash Expo – 2016” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalarda Xitoy, Janubiy Koreya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Niderlandiya, Belgiya, Avstriya, Belarus, Eron, Rossiya va dunyoning boshqa davlatlaridan bir yuz yetmishdan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda.
Ushbu an’anaviy ko‘rgazmalar qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy mini-texnologiyalarni keng jalb qilish, mahsulotlar turini ko‘paytirish va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Ko‘rgazmalarda namoyish etilayotgan mahsulot va xizmatlar keng qamrovli bo‘lib, ixcham liniyalar, qadoqlash texnologiyalari, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va bog‘dorchilik uskunalari, chorva uchun yem tayyorlash uskunalari, o‘simliklar himoyasi uchun kimyoviy moddalar, qorako‘lchilik hamda terini qayta ishlash, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish kabi yuzga yaqin yo‘nalishni qamrab olgan.
Mamlakatimizda paxta va g‘allachilik bilan bir qatorda, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sohalari ham izchil rivojlanib, mahsulotlar sifati o‘sib bormoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida sohani yanada rivojlantirishning istiqbollari belgilab berildi.
Bugun dehqonlarimiz yetishtirgan mahsulotlarini yuqori texnologiyalar yordamida nafaqat xomashyo, balki jahon bozorida ehtiyoj ortib borayotgan tayyor mahsulot sifatida sotmoqda. Bu mamlakatimizda qayta ishlash korxonalari tarmog‘ining rivojlanishi, qishloq xo‘jaligi sohasining eksport salohiyati o‘sishi va minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilayotir.
– Ushbu ko‘rgazmalarda o‘zimiz uchun zarur texnikani tanlab xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘layotirmiz, – deydi Xorazm viloyatidagi “Rustamboy Shohruxxon” fermer xo‘jaligi rahbari Rustam Abdullayev. – O‘zimdan qiyos: paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan xo‘jaligimiz qisqa fursatda o‘zining haydov traktor va buldozerlariga ega bo‘ldi. Endi esa yetishtirayotgan g‘allamizni qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Shu maqsadda qandolat va non mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy uskunani xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzoladik.
Ko‘rgazmalarda bir qator xorijiy kompaniyalarning stendlari ham e’tiborni tortmoqda. Bu yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalari, oziq-ovqat sanoati uskunalari, muzlatish qurilmalari va boshqa ko‘plab jihozlar namoyish etilmoqda. Xususan, Italiya va Xitoy ishlab chiqaruvchilarining meva-sabzavotni tozalaydigan uskunalari, poliz mahsulotlari sifatini aniqlaydigan moslamalari, turli muzlatgich agregatlari, vakuumli to‘ldirgichlari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda.
“Uzbekistan Agrotech Expo” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosida qatnashayotgan xorijiy kompaniyalar safi yildan-yilga kengayib bormoqda. Fransiyaning “AgriCarb” kompaniyasi ulardan biri.
– O‘zbekistonda barcha sohani uyg‘un rivojlantirish borasida ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda, – deydi mazkur kompaniya menejeri Jan Jak Anri. – Buni qishloq aholisi turmush farovonligini oshirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor misolida ham ko‘rish mumkin. Biz mazkur ko‘rgazmada taklif etayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalarining ehtiyot qismlari fermerlarga manzur bo‘lishiga ishonamiz. Zamonaviy texnologiyalarni O‘zbekiston fermerlariga taqdim etishimizda bu yerda yaratilgan turli imtiyozlar, xususan, bojxona va investitsiyaviy preferensiyalar qo‘l kelmoqda.
«Uzbekistan Agromash Expo – 2016» xalqaro ko‘rgazmasida o‘nta mamlakatdan qishloq xo‘jaligi texnika va asbob-uskunalari ishlab chiqaradigan yigirmadan ziyod yetakchi kompaniya, «Agregat zavodi» va «Chirchiqqishloqmash» aksiyadorlik jamiyatlari tarkibiga kiradigan korxonalar, tijorat banklari va lizing kompaniyalari ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmada «Doosan», «Daichi», «Deadong» (Janubiy Koreya), «Case», «New Holland» (AQSh), «Claas», «Lemken», «MAN» (Germaniya) va dunyoga mashhur boshqa yetakchi kompaniyalarning yetmishdan ortiq turdagi mahsuloti namoyish etilmoqda.
– Kompaniyamizning 900 modeldagi qishloq xo‘jaligi texnikalari Yevropada yetakchilar qatoriga kiradi, – deydi Polshaning “Unia” kompaniyasining MDH mamlakatlari bo‘yicha savdo direktori Sergey Sasunkevich. – O‘zbekiston bozorida besh yildan buyon faoliyat ko‘rsatmoqdamiz. Mamlakatingizda qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati jadal rivojlanib bormoqda. Fermerlar va tadbirkorlar o‘z faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy qilmoqda. O‘zbekistonlik sheriklar bilan yaqin hamkorligimizni yanada rivojlantirish niyatidamiz.
An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan ushbu ko‘rgazmalar qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy minitexnologiyalarni keng jalb qilish, mahsulotlar turini ko‘paytirish va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Xususan, 2015-yilda o‘tkazilgan mazkur ko‘rgazma doirasida dehqon va fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar, kichik korxonalar umumiy qiymati 174,8 milliard so‘m bo‘lgan qariyb 600 shartnoma va kelishuv imzolangan edi.
O‘tgan yilgidan ham ko‘proq shartnomalar imzolanishi kutilayotgan bu yilgi ko‘rgazmalarda mamlakatimizning barcha hududidan fermerlar, kichik biznes subyektlari taklif etilgan. Xaridlarni moliyalashtirish bo‘yicha tijorat banklari, lizing va sug‘urta kompaniyalari mutaxassislari tomonidan zarur maslahatlar berilmoqda. Shartnomalarni rasmiylashtirish, sotib olingan uskunalarni manzilga yetkazish bo‘yicha zarur yordam ko‘rsatiladi.
Xalqaro ko‘rgazmalar doirasida zamonaviy texnologiyalar taqdimoti, fermerlar uchun seminar-uchrashuvlar o‘tkazilayotir.
Ko‘rgazmalarning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.