O‘zbekiston MAHA-2016 qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida qatnashadi
26/05/2016 - 17:22 7401
Kuala-Lumpurda joriy yil 24-noyabr – 4-dekabr kunlari tashkil etiladigan Malayziya Qishloq xo‘jalik, bog‘dorchilik va agrosayyohlik ko‘rgazmasi (Malaysia Agriculture, Horticulture & Agrotourism Fair, MAHA-2016) konsepsiyasi bilan tanishuvga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Malayziya Qishloq xo‘jaligi va agrosanoat vazirligi tomonidan uyushtirilgan mazkur tadbirda Kuala-Lumpurda akkreditatsiyadan o‘tgan 20 dan ziyod diplomatiya missiyalari, jumladan, O‘zbekiston vakillari ishtirok etdilar.
Malayziya qishloq xo‘jaligi va agrosanoat vaziri Ahmad Shaberi Chik o‘z chiqishida marosim qatnashchilarini kontinentdagi mazkur eng yirik ko‘rgazmaning konsepsiyasi bilan tanishtirdi. Uning ma'lum qilishicha, “Bizning oziq-ovqatimiz - bizning kelajagimiz” shiori ostida o‘tadigan MAHA-2016 ko‘rgazmasi doirasida beshta bo‘lim tashkil etiladi: “Qishloq xo‘jaligi bilimlarni oshirish uchun”, “Oziq-ovqat xavfsizligi va suverenitet”, “Farovonlik”, “Sayyohlik” va “Salomatlikni tiklash”. O‘n bir kun davom etadigan mazkur ko‘rgazmaga 3 milliondan ziyod kishining kelishi kutilmoqda.
Marosim doirasida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan respublikamiz agrosanoat salohiyatining taqdimoti uyushtirildi. Unda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida hayotga tadbiq etilayotgan islohotlarning borishi va ular berayotgan natijalar haqidagi batafsil ma'lumotlar tadbir ishtirokchilarining e'tiboriga havola qilindi. Alohida qayd etilganidek, O‘zbekistonda fermerlik harakatini tashkil etish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha salmoqli tajriba to‘planganki, bu harakat agrar jabhaning lokomotivi bo‘lib qolgani barobarida butun iqtisodiyotning taraqqiyotiga katta hissa qo‘shmoqda.
Taqdim etilgan ma'lumotlar ishtirokchilarda jonli qiziqish uyg‘otdi. Buni tadbirning ayrim qatnashchilari “Jahon” axborot agentligiga bergan intervyulardan ham bilish mumkin.
- Ushbu taqdimot O‘zbekistonning agrosanoat salohiyati bilan yaqindan tanishish uchun juda qulay imkoniyat yaratdi, - dedi Malayziya baliqchilik departamentining direktori Ismail bin Abu Hasan. - Respublikada baliqchilikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan islohotlarning borishi va ular berayotgan natijalar menda alohida taassurot qoldirdi. Bu, shubhasiz, aholini sifatli baliq mahsulotlari bilan ta'minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va mamlakatning tabiiy resurslaridan samarali foydalanish uchun keng imkoniyatlarni yaratadi.
Malayziya baliqchilikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash borasida yetarli darajadagi tajribaga ega. Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan har ikki tomonga naf keltiradigan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdormiz.
- O‘zbekiston taqdimoti biz uchun juda qiziqarli bo‘ldi, - dedi Malayziya qishloq xo‘jaligini rivojlantirish departamenti direktorining o‘rinbosari Jabar bin Shaik Mohidin. - Darhaqiqat, mamlakatingizning noyob tabiiy-iqlim sharoitlari ko‘pdan-ko‘p qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish imkonini beradi.
Boshoqli ekinlar mutaxassisi sifatida yana bir jihatga e'tibor qaratdim: respublikangiz don import qiluvchi mamlakatdan uni chet elga eksport qiladigan davlatga aylandi. Bu, shubhasiz, har tomonlama va chuqur o‘ylangan strategiya va uning asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarning natijasidir.
- O‘zbekistonda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma'lumotlar menda katta qiziqish uyg‘otdi, - dedi Malayziya qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti xodimi Arzair Imin. - Respublikaning fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan orttirgan tajribasi yuqori bahoga loyiqdir. Mamlakatingizning agrar jabhadagi imikoniyatlari bilan yanada yaqindan tanishish maqsadida shu yil iyun oyida yurtingizda bo‘lib o‘tadigan Agrosanoat kompleksi uchun mini-texnologiyalar va ixcham asbob-uskunalarning «Uzbekistan Agrominitech Expo-2016» xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasida qatnashish niyatidaman.