Tarmoqlar va hududlarni rivojlantirish prognozlarini ishlab chiqish metodikasini tushuntirish bo‘yicha amaliy seminar
28/04/2016 - 18:10 9280
Iqtisodiyot vazirligida tarmoqlar va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlarini ishlab chiqish metodikasini tushuntirish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda vazirlik rahbariyati, Hay'at a'zolari, bosh boshqarma, boshqarma va bo‘lim boshliqlari, vazirlik tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlari, shuningdek vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari rahbar va mas'ul xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot vaziri, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklarining hududlarni kompleks rivojlantirish Yig‘ma boshqarmalari boshliqlari va mutaxassislari ishtirok etdilar.
Seminar davomida makroiqtisodiy, tarmoq va hududiy prognozlarni ishlab chiqish metodologiyasi va uni tashkil etish masalalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Seminarda quyidagi masalalarga alohida e'tibor qaratildi:
- statistik hisobotlarni yuritishda Iqtisodiy faoliyati turlarining xalqaro standartlari tasniflagichiga o‘tish (IFUT): 2017 yil uchun prognozlarni tayyorlash avval ishlatilgan XXTUT (xalq xo‘jaligi tarmoqlari umumdavlat tasniflagichi) asosida emas, balki IFUT metodologiyasi va ma'lumotlariga asosan amalga oshiriladi;
- tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishning prognoz ko‘rsatkichlarini qabul qilingan va ishlab chiqilayotgan o‘rta va uzoq muddatli dasturlar, xususan 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturi hamda 2030 yilgacha bo‘lgan tarmoqlarni rivojlantirish dasturlari bilan o‘zaro uyg‘unlikda ishlab chiqishni ta'minlash.