Meva-sabzavot mo‘l bo‘ladi
21/04/2016 - 15:42 8018
Prezidentimizning 2006-yil 9-yanvardagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirishni yanada ko‘paytirish, bog‘dorchilikni rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarini isloh qilish, yuqori hosildorlikka erishish, yangi bog‘lar yaratish, ko‘chatlarni turli kasalliklardan asrash, navlarni yangilash, meva va sabzavotning eksport hajmini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.
Andijon viloyatida bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan 1 ming 969 fermer xo‘jaligi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Joriy yilda viloyatda 493,6 ming tonna meva, 71,4 ming tonna uzum yetishtirish rejalashtirilgan. Bog‘dorchilikning izchil rivojlantirilayotgani, xususan, yetishtirilayotgan meva-sabzavotni xorijga sotish viloyat eksport salohiyatining yuksalishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu yil 169,2 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Mavjud bog‘lardagi ko‘chatlarni yangilash, yangi bog‘lar yaratish va bog‘ qator oralaridan unumli foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda viloyatda 968 gektar yangi, 3 ming gektar intensiv bog‘ barpo etilmoqda. Ularga pakana va yarim pakana mevali ko‘chatlar ekildi.
Bog‘dorchilik borasida o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan viloyatda bog‘ parvarishida ilg‘or texnologiya va tajribalardan samarali foydalanilmoqda. Bog‘lar oralariga sabzavot va poliz ekinlari ekish, ulardan mo‘l hosil olish yaxshi samara berayotir.
Xo‘jaobod tumanidagi “Oq yo‘l”, “Obid xo‘ja”, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Bog‘i Furqat”, Buloqboshi tumanidagi “Abdurashid”, Marhamat tumanidagi “Baland darvoza”, “Jaloliddin sara bog‘lari”, Jalaquduq tumanidagi “Tohirjon bog‘bon”, Baliqchi tumanidagi “Ergashali Usmon bog‘i”, Asaka tumanidagi “Qamchibek yeri”, “Sharxon jannat mevalari” singari ilg‘or bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklarida ishlar namunali tashkil etilgan.
Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Bog‘i Furqat” fermer xo‘jaligida mutlaqo yangi yo‘nalishdagi bog‘dorchilik usuli joriy etilgan.
– Ilg‘or va samarali usullar asosida ish yuritish muvaffaqiyatlar omili bo‘lmoqda, – deydi Andijon viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abdumutallib Sulaymonov. – Andijon qishloq xo‘jaligi instituti olimlari hamda mutaxassislarimiz tomonidan viloyat sharoitida intensiv bog‘lar yaratish, ko‘chatlarni joylashtirish, ekish texnologiyasi, umuman, ilg‘or usullarni joriy etish bo‘yicha tavsiya va uslubiy qo‘llanmalar tayyorlanib, soha xodimlariga yetkazib berildi. Uzum va mevali bog‘larni turli kasallik va zararkunandalardan asrash, bu borada bog‘bonlarga amaliy yordam ko‘rsatishga ham alohida e’tibor qaratilayotir. Ushbu yo‘nalishda ish olib borayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida o‘quv seminarlar tashkil etilib, mutaxassislar tomonidan zarur tavsiya va maslahatlar berilmoqda.
Viloyatdagi bog‘larning asosiy qismi qir-adirda joylashgan. Bunday sharoitda suv tanqisligi, tuproqda namlikning uzoq saqlanmasligi hisobga olinib, sug‘orishda tejamkor va samarali usullardan foydalanilmoqda. Ayniqsa, tomchilatib sug‘orishning joriy etilishi suvni tejash imkonini bermoqda. Oddiy usulda bir gektar maydondagi bog‘ni sug‘orish uchun 500-600 metr kub suv sarflansa, tomchilatib sug‘orishda bu ko‘rsatkich 250-300 metr kubni tashkil etadi. Maydonni mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirishda ham bunday usulning qator afzalliklari mavjud. O‘g‘it suv bilan eritma holda aynan ko‘chat tuplarining o‘ziga beriladi. Bu hosildorlikning ortishi bilan birga, notekis yerlarda tuproq erroziyasining oldini olishga ham xizmat qilmoqda.
Ayni paytda meva-sabzavot va uzumni qayta ishlash ham doimiy e’tiborda. Xo‘jaobod tumanidagi “Navigul” korxonasi, Baliqchi tumanidagi “Andijon o‘zbegim” ochiq aksiyadorlik jamiyati, Marhamat tumanidagi ko‘p tarmoqli “Manzur” fermer xo‘jaligi bu borada yaxshi natijalarga erishmoqda.
– 2003-yilda mevani qayta ishlashni boshlagan edik, – deydi “Manzur” fermer xo‘jaligi rahbari Jamoliddin Umarov. – Keyinchalik konservalangan bodring, pomidor va tomat pastasi tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik. O‘tgan yili 120 million so‘mlikdan ziyod qayta ishlangan mahsulot xaridorlarga yetkazib berildi. Prezidentimizning 2016-yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish, faoliyatimizni yanada kengaytirish va eksport hajmini oshirishimizga xizmat qiladi.