Shahar bilan bo‘ylashayotgan qishloqlar

13/04/2016 - 19:09 7756

Surxondaryo viloyatida joriy yilda namunaviy loyiha asosida 1 ming 48 yangi uy-joy qurilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimizning 2009-yil 3-avgustdagi “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida qad rostlayotgan zamonaviy massivlar qishloqlarimiz qiyofasini o‘zgartirish bilan birga, yurtdoshlarimizning turmush madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. 

“Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyasi Surxondaryo viloyati filialidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2009-2015-yillarda viloyatda namunaviy loyiha asosida 4 ming 700 dan ortiq uy-joy foydalanishga topshirilgan. Zamonaviy massivlarda ijtimoiy infratuzilma obyektlari barpo etish, toza ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan davrda 100 dan ortiq ijtimoiy bozor infratuzilmasi obyekti, yuzlab savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilib, foydalanishga topshirildi. 

2015-yilda viloyatda qurilgan 14 massivda yuzdan ziyod qurilish tashkiloti ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil 130 tashkilot jalb etilgan. 

– O‘tgan yili zamonaviy massivlar qurilishida uch mingdan ortiq quruvchi mehnat qilgan edi. Bu yil to‘rt mingga yaqin ishchi ishlamoqda, – deydi “Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyasi Surxondaryo viloyati filiali direktori o‘rinbosari Qudrat Qurbonniyozov. – Qurilish madaniyati va sifati yildan-yilga takomillashib, yangi uylarga buyurtma berayotganlar safi kengayib borayotgani quvonarlidir. 

Termiz tumanidagi Navro‘z, Guliston, Manguzar va Limonzor massivlarida 312 zamonaviy uy-joy barpo etilmoqda. Navro‘z massivida qad rostlayotgan namunaviy loyihalar asosidagi 214 yangi uy qurilishida o‘ttizga yaqin qurilish tashkiloti ishchilari mehnat qilmoqda. Bu yerda “Tallashqon invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 1 milliard 278 million so‘mlikdan ortiq bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. 

Guliston massivida namunaviy loyiha asosida 44 uy bunyod etilmoqda. Bu yerda qurilayotgan to‘rt xonali zamonaviy uylardan biri termizlik O‘ktam Xudoyqulov buyurtmasi asosida qad rostlayotir. 

– O‘tgan yili qurilgan uylarni ko‘rib, havasim keldi, – deydi O‘ktam aka. – Oila a’zolarimiz bilan maslahatlashib, yangi yilning dastlabki kunlarida “Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyasi Surxondaryo viloyati filialiga murojaat qilib, zamonaviy massivdagi to‘rt xonali uyga buyurtma berdim. Shartnoma tuzib, boshlang‘ich badalni to‘ladik. Uyimizning asosiy qurilish ishlari tijorat bankining uzoq yillik imtiyozli kredit mablag‘i hisobidan qoplanadi. Xalqimizning farovon turmush kechirishi uchun shaharnikidan qolishmaydigan sharoitlar yaratib berayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz. 

Sherobod, Qumqo‘rg‘on, Uzun, Sho‘rchi tumanlarida ham zamonaviy massivlar qurilishi davom etmoqda. Obod va osoyishta yurtimiz qiyofasini o‘zgartirishga, yurtdoshlarimizning turmush madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgan ushbu zamonaviy uylarni Vatanimiz mustaqilligining 25-yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

O'zA