Savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari

13/04/2016 - 19:04 9696

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida 12-aprel kuni Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Yaponiya va Yaponiya – O‘zbekiston qo‘mitalarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, bank-moliya, aviatashuv, energetika, neft-gaz, avtomobilsozlik, transport va transport kommunikatsiyalari, kimyo va yengil sanoat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sayyohlik, qishloq va suv xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari, geologiya, tog‘-kon metallurgiyasi, elektron mahsulotlar ishlab chiqarish kabi sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, qo‘mita hamraisi Rustam Azimov va boshqalar O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar bunda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2011-yil fevral oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi, Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abening 2015-yil oktabr oyida mamlakatimizga rasmiy tashrifi o‘zaro munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishladi. 

O‘zbekiston – Yaponiya iqtisodiy munosabatlari savdo-iqtisodiy hamkorlik, sarmoyalarni o‘zaro himoyalash va rag‘batlantirishga oid bitimlar kabi ko‘plab hujjatlarga asoslanadi. Ikki tomonlama aloqalarni kengaytirishda Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Yaponiya va Yaponiya – O‘zbekiston qo‘mitalari muhim o‘rin tutadi. Mazkur qo‘mitalarning navbatdagi qo‘shma majlisida Yaponiyaning yetakchi firma va kompaniyalaridan vakillar ishtirok etgani Yaponiya ishbilarmon doiralarining O‘zbekiston sarmoyaviy salohiyatiga qiziqishi ortib borayotganidan dalolatdir. 

O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muntazam oshmoqda. 2015-yilda bu ko‘rsatkich 253,4 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda Yaponiya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan o‘ndan ziyod qo‘shma korxona, ushbu mamlakatning 12 kompaniyasi vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular transport, xizmat ko‘rsatish, sayyohlik, sog‘liqni saqlash, mashinasozlik va metallni qayta ishlash, yengil sanoat, eksport-import operatsiyalarini o‘tkazish, sarmoyaviy loyihalar doirasida asbob-uskunalar yetkazib berish kabi yo‘nalishlarda ish olib boradi. 

Yaponiya hukumati mamlakatimizda 1995-yildan buyon ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarni qamrab olgan kichik hajmdagi ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam dasturini amalga oshirib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida mazkur dastur doirasida umumiy qiymati 23 million 380 ming dollardan ortiq 352 loyiha hayotga tatbiq etildi. Ayni paytda ta’lim va tibbiyot sohasida 11 loyiha amalga oshirilmoqda. 

Majlisda Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” asosida mamlakatimiz iqtisodiyotida izchil tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini isloh qilish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, sohada davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirish, xususiy mulkning ulushini oshirish, aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotgani qayd etildi. 

Savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy-texnikaviy sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususiylashtirish sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirish katta istiqbolga ega ekani ta’kidlandi. Mamlakatimizda faol ish yuritayotgan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, “Mitsubishi Corporation”, “Marubeni Corporation”, “Toyota Tsusho Corporation” kabi tashkilot va kompaniyalar hamkorligida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi. 

– Jahonda hanuz davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqirozga qaramay, O‘zbekiston yuqori iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erishayotgani e’tiborga molik, – dedi “Mitsubishi Corporation” korporatsiyasi katta ijrochi vitse-prezidenti, qo‘mita hamraisi Xideto Nakaxara. – Zero, mamlakatingiz iqtisodiyotining barqaror rivoj topayotgani O‘zbekiston tanlagan taraqqiyot modelining samarali ekanligini isbotladi. Ushbu tadbir O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma biznes loyihalarini hayotga izchil joriy etishga xizmat qiladi. 

Anjumanda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning bugungi ahvoli va uni rivojlantirish istiqbollari, Yaponiya kompaniyalarini mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayoniga keng jalb etish, qo‘shma korxonalarni ko‘paytirish, birgalikda o‘zaro foydali loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston industrial zonalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi. Yaponiya kompaniyalarining mamlakatimizdagi sarmoyaviy loyihalarda ishtiroki, neft-gaz, bank-moliya, kimyo sanoati, yuqori texnologiyalar, avtomobilsozlik va to‘qimachilik sohalaridagi hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.

O'zA