2015 yilda qurilish materiallari sanoatining rivojlanishi
10/02/2016 - 17:46 8298
Sohada tuzilmaviy qayta o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, moddiy-texnika bazasining mustahkamlanishi va yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni qurilish tizimiga tadbiq etilishi, xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarni chuqur qayta ishlash asosida zamonaviy raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishga qaratilganligi, shuningdek, faol investitsiya siyosatini yuritish hisobiga tarmoqni modernizatsiya qilinishi, 2015 yilda qurilish materiallari sanoati mahsuloti ishlab chiqarilishini 2014 yilga nisbatan 14,1 foizga o‘sishiga zamin yaratdi.
Sement ishlab chiqarish bo‘yicha o‘sish sur'ati 110,6 foiz, qurilish oynasi - 125,6 foiz, zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha koshinli (bezakli) pardozlash plitkalari - 149,8 foiz, ohak - 4,7 martaga o‘sdi. Shuningdek, boshqa turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarilishining o‘sganligi kuzatildi.
Avval amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 35 ta yangi turdagi qurilish materiallari va undan tayyorlangan mahsulotlar, shu jumladan quruq pardozlash aralashmalarining maxsus turlari va gipsokarton materiallari, lak-bo‘yoq materiallari, kompozit, plastik va alyumin materiallardan oyna va eshik bloklari (romlari), polimer qatronlari va boshqalar asosida pardozlash panellari va buyumlari ishlab chiqarilishi o‘zlashtirildi.
Birja savdolari orqali 6231 ming tonna sement sotilishi va o‘sish sur'atining 116,5 foizga o‘sishi qurilish materiallariga bo‘lgan talabning barqaror ta'minlashga imkoniyat yaratdi.
2015 yilgi dastur doirasida mahalliy xomashyo resurslari asosida qurilish materiallari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha 87 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida va 1519,1 mlrd. so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarilishi ta'minlandi. Sanoat kooperatsiyasining kengaytirilishi va avval import hisobiga olib kelinadigan materiallar va butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirilishi, hisob-kitob bo‘yicha 533 mln. dollar hajmdagi qurilish materiallari importining qisqarishiga imkoniyat yaratdi.
Umumiy qiymati 13,4 mln.dollar bo‘lgan mahalliylashtirilgan qurilish materiallari va buyumlarining 8 ta yangi turi eksport qilindi.
“Grand Art Keramiks” MCHJ qo‘shma korxonasining yangi texnologik liniyasida 1,66 mlrd. so‘mlik 17,4 ming donani tashkil etgan zamonaviy koshinli santexnika buyumlari ishlab chiqarildi, ikkita korxonada armatura va profil kesimli buyumlar importini o‘rnini bosuvchi 2,3 mlrd. so‘mlik 1,7 mln.pog.m. bo‘lgan mineral tolalar asosida kompozit materiallar ishlab chiqarildi, 2,35 mlrd. so‘mlik 238 ming kv.m. bo‘lgan “Bikrom” kompozit tom yopish materiallari ishlab chiqarildi.
«Moderna Ceramic Industries Fergana» MCHJ qo‘shma korxonasida quvvati 3,5 mln.kv.m. bo‘lgan yangi texnologik liniyasida import o‘rnini bosuvchi sirlangan koshinli plitkalar ishlab chiqaruvchi korxonani foydalanishga topshirilishi Farg‘ona vodiysini yuqori sifatli mahalliy ishlab chiqarish materiallariga bo‘lgan talabini to‘liq ta'minlashga qulay sharoit yaratmoqda.